Toshkent metrosining 16 ta bekatidagi chipta kassalari yopildi

9-dekabrdan boshlab Toshkent metrosining 16 ta bekatida chipta kassalari yopilishi ma’lum qilindi. Bunga “Yer usti xalqa yoʻli” yoʻnalishidagi barcha 14 ta bekatda shuningdek “Paxtakor” va “Alisher Navoiy” bekatlari kiradi.
Metro ma’muriyati izohiga koʻra, ushbu bekatlarda yo‘lovchilarning naqd pul bilan to‘lov qilish ulushi pastligicha qolayotganini ta’kidladi. Bekatlardagi kassalar o‘rniga QR-kodli bir martalik chiptalarni sotib olish mumkin bo‘lgan infokioskalar o‘rnatilgan. Bu chiptalardan qog‘oz shaklida ham, telefon ekrani orqali ham foydalanish mumkin. Metro rahbariyatining ta’kidlashicha, avtomatlashtirish jarayoni chiptalar xaridini tezlashtiradi, navbatlarni qisqartiradi va to‘lovlar shaffofligini oshiradi.
Iyul oyida boshqa 13 ta bekatda kassalarning bir qismi yopilgan edi: “Chilonzor” yo‘nalishida 5 ta, “O‘zbekiston” yo‘nalishida 4 ta va “Yunusobod” yo‘nalishida yana 4 ta. O‘shanda har bir bekatning bitta vestibyulidan kassalar olib tashlandi va sinov terminallari o‘rnatildi.