Foto: Toshkentda “Oʻzbekistonning tabiiy merosi” fotoko‘rgazmasi ochildi

10-dekabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyida “Oʻzbekistonning tabiiy merosi” nomli fotoko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir 8-dekabr — Jahon iqlim kuniga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning tabiiy boyliklari — gidrologik va geologik obyektlar, noyob landshaftlar, flora va fauna, paleontologik yodgorliklarni aks ettiruvchi 60 ta fotosurat namoyish etilmoqda. Suratlar professional fotosuratchilar hamda iqtidorli havaskorlar tomonidan mamlakatning turli hududlarida olingan bo‘lib, suv resurslari, tog‘lar, cho‘llar, o‘rmonlar, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi noyob ekotizimlarni o‘zida mujassam etadi.

Ochilish marosimida ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov so‘zga chiqib, tabiiy merosni asrash va targ‘ib qilish mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ko‘rgazma jamiyatda atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni kuchaytirish va har bir insonning sayyorani asrashdagi mas’uliyatini eslatishga xizmat qiladi.

Fotoko‘rgazma ekologik madaniyatni shakllantirish, iqlim o‘zgarishi ta’siriga chalinayotgan hududlar va ularning tabiiy boyliklariga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan.

Ko‘rgazma doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan chop etilgan “O‘zbekistonning tabiiy merosi” va “O‘zbekiston tabiati fasllarda” nomli albom-kitoblar taqdimoti ham o‘tkazilmoqda. Kitoblarda qadimiy daraxtlar, daryolar, ko‘llar, sharsharalar, tog‘lar, muzliklar, cho‘llar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, shuningdek, qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan.

Tashkilotchilar fikriga ko‘ra, ko‘rgazma hamda nashrlar ekologiya, tabiatshunoslik va barqaror rivojlanish masalalariga qiziquvchilar, ilmiy xodimlar, o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Koʻrgazma 14-dekabrga qadar davom etadi. Kirish barcha uchun bepul.