Toshkentda "Disneyland" bogʻi hamda bolalar telekanali ochiladi

Toshkentda The Walt Disney Company’ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini ochish, shuningdek, kontenti to‘liq o‘zbek tilida bo‘lgan bolalar telekanalini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Saida Mirziyoyeva The Walt Disney Company kompaniyasining vitse-prezidenti, yetti karra “Emmi” mukofoti sovrindori Hayma Vashington bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralar chog‘ida Toshkentni bolalar kontenti ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylantirish strategik maqsad sifatida belgilandi.
Rejalarga ko‘ra, Gollivud mutaxassislari bilan hamkorlikda animatorlar, rejissyorlar va ssenariynavislarning yangi avlodini tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Hayma Vashington O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish bildirgan va ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, O‘zbekistonda xalqaro kompaniyalar uchun imtiyozli sharoitlar yaratiladigan “Cinema Park” kreativ parkini tashkil etish g‘oyasi ham muhokama qilingan. U bolalar va oilaviy kontent ishlab chiqarish sohasida muhim platformaga aylanishi mumkin.
Bundan tashqari, “Disneyland” tematik bog‘ini barpo etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.