Foto: Olimlar taqdirlanadigan “Science and Innovation Awards 2025” marosimi boʻlib oʻtdi

20-dekabr kuni Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyida “Science and Innovation Awards 2025” marosimi boʻlib oʻtdi. Bu tadbir “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali jamoasi tashabbusi bilan tashkil etiladi va yil davomida ilm-fan hamda innovatsiyalar rivojiga hissa qo‘shgan olimlar va tashkilotlarni taqdirlanadi.

Ma’lumotlarga koʻra, tanlov uchun Oʻzbekiston bo‘ylab 3000 dan ortiq ariza kelib tushgan. Dastlabki saralash bosqichida har bir nominatsiya bo‘yicha 10 nafardan finalist aniqlanib, ular bilan alohida suhbat va chuqurlashtirilgan tahlil bosqichlari tashkil etilgan.

Saralash jarayoni ikki bosqichda amalga oshirilgan. Komissiya a’zolari tomonidan nomzodlarning ilmiy salohiyati, kasbiy faoliyati, amaliy natijalari va tanlov mezonlariga muvofiqligi baholangan.

Gʻoliblar
- Yil olimi — Ashurov Ravshan Rajabovich, A’zamxoʻjayeva Saida Sobitxonovna, Poʻlatova Jamila Shogʻayratovna;
- Yilning eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi — Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti;
- Yilning eng yaxshi nodavlat oliy ta’lim muassasasi — Central Asian University;
- Yilning eng yaxshi ilmiy tadqiqot instituti — Avtomobil yoʻllari ilmiy tadqiqot instituti;
- Yilning eng innovatsion universiteti — Samarqand xalqaro texnologiya universiteti;
- Yilning eng yaxshi ilmiy nashri — Nilufar Abdurahmonova “Kompyuter leksikografiyasi”;
- Ilm-fan sohasidagi xizmatlar uchun — Akademik Joʻrayev Risbay Haydarovich;
- Yilning eng yaxshi tadqiqot markazi — Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi;
- Ilm-fan homiysi — “APEX Insurance” kompaniyasi.