Toshkentda “Oxunguzar” masjidida "Hunarmandlar guzari" ish boshladi

E’lon qilingan sana· 133
Toshkentda “Oxunguzar” masjidida "Hunarmandlar guzari" ish boshladi

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Toshkentdagi tarixiy “Oxunguzar” masjidining restavratsiya qilingan binosida hunarmandlar uchun ishga tushirilgan yangi ijod makonini taqdim etdi. “Hunarmandlar guzari” (“Gozar of Artisans”) loyihasi livanlik dizayner Nada Debs ishtirokida amalga oshirilgan. 

  • false
  • false

Yuqoridagi suratlarda ushbu markazning oldingi va hozirgi holati koʻrsatilgan. 

Ta'kidlanishicha, ushbu makon XVIII asr me’moriy yodgorligining zamonaviy talqinini taklif etadi va O‘zbekistonning an’anaviy amaliy bezak san’atini namoyish etish uchun maydonni vujudga keltiradi. Bog‘ atrofida joylashgan “Hunarmandlar guzari” maydoni me’moriy meros va zamonaviy badiiy tafakkurni birlashtiradi. "1775-yilda mahalliy ustalar tomonidan qurilgan masjidning asosiy binosi ehtiyotkorlik bilan saqlangan: uning gumbazli mahobati, o‘zaro nisbat va fazoviy sur’ati o‘zgarishsiz qoldirilgan hamda yangi badiiy yechimlar yodgorlikka dolzarb madaniy ohang bergan", deyiladi axborotda. 

  • false
  • false

“Hunarmandlar guzari”da O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan ustalarning asarlari: Rishton, G‘ijduvon, Samarqand, Xorazm va Toshkent maktabi kulolchiligi namunalari, so‘zana va Buxoro kashtachiligi, Xiva yog‘och o‘ymakorligi, Samarqand toshtaroshligi, metall buyumlar va zargarlik ishlari namoyishga qo‘yilgan. Asosiy badiiy jihatlar orasida: Sirojiddin Rahmatullayevning sopoldan ishlangan badiiy qurilmasi, Dilshod Isroilovning yog‘och panellari, Jo‘rabek Siddiqovning metall installyatsiyasi va Abdullatif Sultonovning ganch shift kompozitsiyasi mavjud. Interyer Nada Debs tomonidan loyiha uchun maxsus yaratilgan mebel buyumlari bilan boyitilgan.

  • false
  • false

“Loyiha masjid ruhini asrab-avaylash va shu bilan birga hunarmandchilik orqali unga yangi nafas baxsh etishga bag‘ishlangan. Me’moriy yodgorlikni uchrashuvlar va muloqotlar uchun jonli makonga aylantirish orqali biz merosni kundalik turmush rishtalari bilan qayta bog‘laymiz, hunarmandchilik o‘tmish va hozirgi zamon o‘rtasidagi ko‘prikka aylanadi”, – deya bayon qiladi Nada Debs o‘z faoliyati davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan.

Qayd etilishicha, “Oxunguzar” maskanining tanlanishi alohida ahamiyatga molik: o‘tmishda mazkur mavze Toshkentning hunarmandchilik va temirchilik mahallasi bo‘lgan. Yangi loyiha makonga uning tarixiy madaniy amaliy faoliyatini zamonaviy shaklda qaytargan holda mazkur an’anani davom ettirmoqda.

“Bu makon bir vaqtning o‘zida ham madaniy istiqbol, ham tafakkur maskani hisoblanadi. U hunarmandchilik avlodlar tajribasi va xotirasiga voris bo‘luvchi va shu bilan birga yangi ijodiyizlanishlarga zamin yaratuvchi bilim shakli ekanligiga bo‘lgan qat’iy ishonchimizni o‘zida aks ettiradi. Bu yerda an’ana turg‘un muzey obyekti sifatidagina qayd etilmaydi, balki zamonaviy talqin va merosimizga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish orqali yanada yuksaladi”, – deya ta’kidlaydi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Yangi ijod makoni Qirollik jamg‘armasi huzuridagi An’anaviy san’at maktabi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Naqsh” hunarmandchilik maktabi tevaragida joylashgan. Ushbu maskanlar mushtaraklikda ta’lim, hunarmandchilik amaliyotlari va zamonaviy badiiy jarayonlarni birlashtirgan umumiy madaniyat ocho‘g‘i majmuasini tashkil etadi. Loyiha doirasida an’anaviy hunarmandchilik bilimlarini asrab qolish va yangi avlodlarga yetkazishga qaratilgan mahorat darslari muntazam ravishda o‘tkazib boriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling