Yulduz Tech Awards tanloviga arizalar qabuli boshlandi

Arizalar 20-yanvargacha qabul qilinadi.
O‘zbekistonda ilk bor IT sohasidagi xotin-qizlarga bag‘ishlangan mukofot — “Yulduz Tech Awards — 2025"da ishtirok etish uchun arizalar qabuli start oldi.
“Yulduz Tech Awards” 2024-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — IT-sanoat rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan, innovatsion loyihalarni amalga oshirayotgan hamda raqamli sohada professional yutuqlarni namoyish etayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Mukofotlar IT sohasining asosiy yoʻnalishlarini qamrab oluvchi 15 ta nominatsiya boʻyicha topshiriladi, xususan, ayol dasturchilar, startap asoschilari, IT tadbirkorlari va rahbarlari, oʻqituvchilar va ustozlar, talabalar va yosh iste’dod egalari, sun’iy intellekt yetakchilari, innovatsion va ijtimoiy ahamiyatga ega IT loyihalari egalari, shuningdek, mamlakatning raqamli rivojlanishiga hissa qoʻshayotgan eng yaxshi ayol IT jamoalari va mintaqaviy vakillar taqdirlanadi.
IT sohasida ishlaydigan yoki loyihalarni amalga oshirayotgan ayollar ishtirok etishga taklif etiladi. Arizalar 20-yanvargacha qabul qilinadi.
Ushbu havola orqali ariza topshirish mumkin.
Nominatsiyalar roʻyxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va GAP ayollar IT klubi tomonidan tashkil etilmoqda.