Toshkent metrosining 48 ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi ishga tushirildi

E’lon qilingan sana· 331
Toshkent metrosining 48 ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi ishga tushirildi

Toshkent metrosining 48 ta bekatida kaftni skanerlash orqali to‘lovni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Gazeta.

Ta’kidlanishicha, ilk bor 2023-yilning noyabrida “Xalqlar do‘stligi” bekatida ishga tushirilgan Palm Pay turniketi 2024−2025-yillar davomida 48 ta bekatda ham joriy etildi.

“Yo‘lovchilar metroga kirish uchun kaftdagi chiziqlar bo‘yicha biometrik identifikatsiyadan o‘tib ham to‘lovni amalga oshirishi mumkin. 30 ta yerosti bekatida Palm Pay infokioskalari o‘rnatilgan. Tizimdan foydalanish uchun ro‘yxatdan bir marta o‘tiladi va bu jarayonga 5 daqiqa vaqt ketadi”, — deyiladi metropoliten axborotida.

Qayd etilishicha, Toshkent metropolitenida kunlik yo‘lovchi oqimi 1 milliondan ziyodni tashkil qiladi. Kaft orqali to‘lash tizimidan sutkasiga jami yo‘lovchilarning 3−4 foizi, ya’ni taxminan 25−40 ming kishi foydalanmoqda.

“Mutaxassislar fikricha, ushbu texnologiya bekatlardagi navbatlarni sezilarli darajada qisqartirish va yo‘lovchilarning vaqtini tejashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bunday yechimlar shahar infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchni oshiradi”, — deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq Toshkent metro bekatlarida mini-kutubxonalar ochilgani haqida xabar berilgandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling