Toshkent–Sankt-Peterburg yo‘nalishida qatnovchi avtobus yo‘lga qo‘yiladi

Toshkentdan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga qatnovchi avtobus yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent-Sankt-Peterburg-Toshkent qatnovi 2026-yilning 23-fevral kunidan boshlanadi. Mazkur yo‘nalishda avtobuslar haftada ikki marotaba, dushanba va juma kunlari yoʻlga chiqadi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent-Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys 23-fevral kuni soat 17:00 da “Toshkent” avtovokzalidan joʻnab ketadi. Chipta narxi 1 200 000 so‘mni tashkil qiladi.
Sankt-Peterburg avtovokzaligacha bo‘lgan yo‘lda oraliq to‘xtash Moskva shahri “Novoyasenevskaya” avtovokzalida amalga oshiriladi.
Toshkentga qaytish reyslari ham haftaning dushanba va juma kunlariga moʻljallangan. Avtobuslar Sankt-Peterburg avtovokzalidan mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da jo‘naydi.