Atrof toʻla Navoiylar: qayerlarga Alisher Navoiy nomi berilgan?

Bugun — 9-fevral — turkiy xalqlari shoiri Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi nishonlanmoqda. U haqda koʻp gapirib oʻtirish shart emas, agar maktab darslarini qoldirmagan boʻlsangiz, hech boʻlmasa uning biror gʻazalini bilasiz, eshitgansiz. Hozir bu haqda emas.
E’tibor berganmisiz, atrofimiz toʻla Navoiylar. Uning nomi berilgan joylar, inshootlar juda koʻp: metro bekatidan tortib muzeygacha. Hozir ularning bir nechtasini koʻrib chiqamiz.
Viloyat
Navoiy nomi berilganlarning eng kattasi, shubhasiz, viloyat. Butun boshli hududiy birlikka shoir nomi berilgan. Bu nafaqat nom jihatdan, balki hudud jihatdan ham eng kattasi, bundan keyingi joylar bunchalik katta boʻlmasligi aniq.

Ustiga-ustak Navoiy viloyatlar ichida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi hisobda emas) hudud jihatdan ham eng kattasi — 110,800 kv. km. Ammo bu hudud respublikadagi eng kam aholi istiqomat qiladigan viloyatlardan biriga kiradi, u yerda, 2026-yil yanvar oyi holatiga koʻra, 1,1 mln aholi yashaydi.
Navoiy koʻchasi

Poytaxtda ham Navoiy ardoqlanadi, koʻp joyga uning nomi berilgan. Masalan, Toshkentning eng markaziy va tarixiy koʻchalaridan biri. “City Palace” mehmonxonasidan boshlanib, Koʻkaldoshgacha davom etadigan koʻchada koʻplab tarixiy va muhim binolar joylashgan.
Navoiy bekati
Toshkent metrosi bekatlariga bir nechta arboblarning nomi berilgan. Albatta, ular Navoiyni ham unutmagan. Mustaqillikdan oldin qurilgan bekat dizayni ham oʻzgacha. Uni dunyo boʻylab e’tirof etishadi, dunyoning eng chiroyli metro bekatlari qatoriga qoʻshishadi.

Bekat sharqona ruhda pardozlangan. Uning shifti gumbazlar bilan bezatilgan, qubbalarning ichi esa nafis, sharqona naqshlar bilan bezatilgan. Har bir qubba toʻrtta arkaga tayanib turadi. Uni me’mor Yashnar Mansurov loyihalashtirgan.
Bekat devorlariga Navoiyning “Xamsa” asariga bagʻishlangan pannolar qoʻyilgan. Shoir “Xamsa"ga beshta dostonni kiritgan, ammo bekatda pannolar toʻrtta: “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy” va “Sab'ai sayyor”. Me’morning ta’kidlashicha, rassomlar beshinchi — “Hayratul-abror” dostonidan platformaning badiiy elementlarida simmetriyani saqlash zarurati sabab voz kechishga majbur boʻlgan.

Metro bekatlari ichida Alisher Navoiydan tashqari Amir Temur, Gʻofur Gʻulom, Pushkin, Oybek, Yunus Rajabiy, Beruniy, Mirzo Ulugʻbek, Hamid Olimjon kabi nomlarni ham uchratish mumkin.
Davlat milliy kutubxonasi
Respublakining asosiy va eng yirik kutubxonasiga ham Alisher Navoiy nomi berilgan. U 1870-yildan beri faoliyat yuritadi. Birinchi nomi Toshkent ommaviy kutubxonasi boʻlgan, undan keyin bir necha marta almashgan, 1948-yilda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan kutubxonaga shoir nomi berilgan.

Kutubxona fondida 10 millionga yaqin kitob bor. Ular orasida oʻzbek va Sharq mumtoz adabiyoti namunalari (toʻplami), jahonning 75 dan ortiq tillaridagi kitoblar mavjud. Kutubxona Navoiy koʻchasida joylashgan.
Davlat akademik katta teatri
Oʻzbekistonning opera va balet sanʼati sohasidagi asosiy teatriga ham shoir nomi berilgan. Teatr 1939-yil 11-iyunda tashkil etilgan.

Uning dastlabki nomi Davlat Oʻzbek opera va balet teatri boʻlgan. Teatr jamoasi 1947-yil yangi binoga koʻchib oʻtdi va 1948-yil Toshkent rus opera teatri bilan birlashib, Alisher Navoiy nomini oldi.
Hozirda ushbu madaniy markazda koʻplab spektakllar namoyish etiladi. Ularning jadvali bilan Afisha.uz'ning “Teatrlar” boʻlimida tanishib chiqishingiz va seanslarga chipta sotib olishingiz mumkin.
Muzey
Madaniy nuqtalardan uzoqlashmaymiz. Endi biroz orqaroqqa, toʻgʻrirogʻi, Alisher Navoiy koʻchasiga qaytamiz. Alisher Navoiy koʻchasi kesishmasidagi “Alisher Navoiy” metro bekatidan chiqishingiz bilan oʻng tarafda Alisher Navoiy haykali turadi. Xuddi shu haykalning ortida esa Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Davlat adabiyot muzeyi bor.

Muzey jamlanmasida qariyb 34 ming koʻrgazma bor. Muzeyda oʻzbek adabiyotiga oid asarlar, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, xalq hofizlarining ovoz yozuvlari, naqqoshlik sanʼatiga doir koʻrgazmalar (yogʻochdan ishlangan panjara, A. Fayzullayev, 1968-yil), XX asrga oid sopol buyumlar mavjud. Muzey koʻrgazmalari temuriylar davri ekspozitsiyasi bilan, oʻzbek adabiyoti tarixi ekspozitsiyalari esa Alisher Navoiy ijodidan boshlangan: “Xamsa"ning qoʻlyozma, foto va koʻchirilgan nusxalari, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, rasm va bezaklar, shoir hayotiga oid portretlar, haykallar, xarita, kitob, har xil sovgʻa va albomlar, lagan, koʻzachalar bor.
Avvalroq muzey qarshidagi bogʻdan fotoreportaj tayyorlagandik.
Universitet
Oʻzbekistonning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri. Universitetning Wikipedia sahifasida ta’kidlanishicha, u oʻzbek tilining Oʻzbekistonda va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, oʻzbek adabiyoti, folklori, milliy qadriyatlarini targʻib etish, Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi munosib oʻrnini taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini hayotga tatbiq etish, oʻzbek tili va adabiyoti bilan bir qatorda oʻzbek xalqining maʼnaviyati, tarixi va madaniyati, falsafasini tadqiq etish va ushbu maqsadni amalga oshirish uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlaydi.

1918-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti Adabiyot va falsafa fakulteti ochilgan. 2016-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti negizida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil topgan. Shu bilan birga uchinchi fakultet sifatida Oʻzbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti ham qoʻshilgan.
Bogʻ
Magic City orqasida joylashgan Milliy bogʻga ham Alisher Navoiy nomi berilgan. Uning maydoni 69 gektarni tashkil qiladi. 1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi tantanalari munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan.

Rekonstruksiyadan soʻng u yerda sun’iy koʻl barpo etilgan.
Siz Navoiy nomi berilgan yana qaysi manzillarni bilasiz?