Fotosuratchilar va rassomlar uchun sovrin jamgʻarmasi 84 mln soʻm boʻlgan tanlov e'lon qilindi

Qand brendi “Lazzat galereyasi” immersiv loyihasi doirasida fotosuratchilar va rassomlar o‘rtasida “Oʻzbekiston” nomli ochiq tanlov boshlanganini ma’lum qildi.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad mamlakatning o‘ziga xos qiyofasini yangicha nigoh va mualliflik uslubi orqali gavdalantirish hisoblanadi. Unda professional va havaskor fotograflar, shuningdek, boshlovchi va tajribali rassomlar qatnashishi mumkin.
Qayd etilishicha, mobil telefonda olingan suratlar tanlovga qabul qilinmaydi. Fotograflar 3 tagacha surat (RAW formatda, kamida 24 megapiksel), rassomlar esa 1 ta asar (gorizontal formatda) topshirishi mumkin.
G‘oliblar har bir yo‘nalish (rangtasvir va foto alohida) bo‘yicha quyidagicha taqdirlanadi:
- 1-o‘rin: 30 000 000 so‘m;
- 2-o‘rin: 7 000 000 so‘m;
- 3-o‘rin: 5 000 000 so‘m.
G‘olib bo‘lgan ishlar brendning kelgusi kolleksiyalarida ishlatilishi mumkin.
Ijodiy ishlarni xalq rassomi Akmal Nuriddinov, rassom Bobur Ismoilov, fotograflar Ildar Sadikov, Viktor An va boshqa soha mutaxassislari baholab boradi.
Ro‘yxatdan o‘tish 2026-yil 10-martgacha, ishlarni topshirish muddati esa 25-martga qadar davom etadi. Ishtirok etish uchun ushbu havola orqali roʻyxatdan oʻtish lozim.