Toshkentda Kreativ park tashkil etiladi

Toshkent shahrida Kreativ sanoat parkini (keyinchalik Kreativ park) barpo etish hamda viloyatlarda kreativ klasterlar tashkil etish choralari tasdiqlandi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizga — 145 trillion so‘mgacha yetkazilishi rejalashtirilgan (2024-yilda bu ko‘rsatkich 3,7 foizni tashkil etgan). Shuningdek, kreativ sanoat mahsulot va xizmatlari eksportini 1 milliard dollardan oshirish, sohada 500 mingta ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
24/7 ishlaydigan ochiq jamoat joyi
2026−2027-yillarda Toshkentning Shayxontohur tumanida, Farobiy ko‘chasida joylashgan sobiq Respublika onkologiya markazi hududida, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi binolari negizida Kreativ sanoat parki barpo etiladi. Park tunu kun ya’ni 24/7 rejimida ishlaydigan ochiq jamoat makoni bo‘ladi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Majmua tarkibiga quyidagilar kiradi:
- sayr va hordiq chiqarish hududlari;
- art-obyektlar va monumental san’at asarlari;
- raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishidagi xalqaro maktab;
- buk-kafe, sport va vorkaut maydonchalari, mehmonxonalar;
- ijodkorlar pavilyoni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofislar va kovorking markazi;
- kino va video mahsulotlar ishlab chiqarish zonalari hamda ovoz yozish studiyalari.
Park faoliyati rezidentlar a’zolik toʻlovlari, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, ijara to‘lovlari, xizmat va mahsulotlar savdosidan tushadigan daromadlar, shuningdek subsidiya, grant va homiylik mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek,bir qator viloyatlarda ham kreativ sanoat klasterlari tashkil etiladi:
- Samarqandda — Registon maydoni (Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari hududi);
- Buxoroda — Xalqaro zamonaviy san’at biennalesi qamrab olgan hududlarda;
- Xivada — Ichan-Qal'a majmuasida.
Shuningdek, Yangi Toshkent hududida va Nukus shahridagi “Istiqlol” bog‘i pavilyonida ham kreativ makonlar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika kengashi tuziladi. Unga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchilik qiladi.
Kengash tarkibiga raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va boshqa mutasaddilar kiritilgan.
Kengashning asosiy vazifalari — kreativ sanoatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ustuvor “o‘sish nuqtalari"ni belgilash, investitsiyalarni jalb etish, intellektual mulk va mualliflik huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.