O‘zbekiston osmonida sayyoralar paradi kuzatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti xabariga ko‘ra, 2026-yil 28-fevral kuni O‘zbekiston osmonida noyob astronomik hodisa boʻlgan sayyoralar paradi kuzatiladi.
Sayyoralar paradi — bu Quyosh tizimidagi bir nechta sayyoralarning osmon kengligida bir-biriga yaqin joylashishi va Yerda kuzatuvchi uchun go‘yoki bir chiziqqa tizilgandek ko‘rinishidir. Bunday hodisa ma’lum burchak masofasida to‘plangan sayyoralar tufayli o‘ziga xos vizual manzara hosil qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu galgi paradda 6 ta sayyora — Merkuriy, Venera, Saturn, Yupiter, Uran va Neptun qatnashadi.
28-fevral kuni Quyosh ufqqa botganidan so‘ng ushbu sayyoralarni respublikaning barcha hududlaridan kuzatish mumkin bo‘ladi. Sayyoralar osmonning janubiy-g‘arbiy qismida, kenglikning qariyb chorak qismini egallagan holda joylashadi.
Qaysilarini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin?
Paradda ishtirok etayotgan 6 sayyoradan 4 tasini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin. Bular
- Merkuriy
- Venera
- Saturn
- Yupiter
Neptun va Uran esa juda xira bo‘lgani sababli ularni kuzatish uchun teleskop yoki binokl kabi maxsus optik uskunalar talab etiladi.

Merkuriy va Venera Quyoshga yaqin joylashgani bois, parad vaqtida ufqqa juda yaqin ko‘rinadi. Shu sababli ularni ko‘rish biroz murakkab bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar g‘arbiy ufqni baland binolar to‘sib qo‘ymaydigan ochiq joy yoki tepalikdan kuzatishni tavsiya etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Mars Yerdan qaralganda Quyoshdan avval ufqqa botadi. Shu sababli u bu safargi sayyoralar paradida ishtirok etmaydi.
Astronomiya instituti vakillari sayyoralar paradi kabi hodisalar inson taqdiri yoki kelajagiga ta’sir ko‘rsatishi haqidagi qarashlar ilmiy asosga ega emasligini ta’kidlamoqda. Bunday jarayonlar tabiat qonunlariga muvofiq ravishda oldindan hisoblab chiqiladigan astronomik hodisalardir.
Shu bois mutaxassislar fuqarolarni ushbu noyob voqeani xurofotlarga bog‘lamasdan, ilmiy qiziqish va osmon go‘zalligidan zavq olish maqsadida kuzatishga chaqirmoqda.