Martda qanday ob-havo kutilmoqda?

Oʻzgidromet ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil mart oyi bahoriy beqaror ob-havo bilan boshlanadi, biroq umumiy harorat ko‘rsatkichlari iqlim me’yoriga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.
Odatda mart oylari qanday boʻlgan?
O‘zbekistonda mart oyida havo harorati fevralga nisbatan 5−6 darajaga, shimoliy hududlarda esa 7−8 darajaga yuqori bo‘ladi. Oyning eng iliq kunlarida, ayniqsa ikkinchi yarmida, havo harorati +23…+28 darajagacha, janubda esa +30…+33 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Meteorologik kuzatuvlar tarixida 2008 va 2023-yillarning mart oylari eng iliq havo harorati kuzatilgan.Qayd etilgan mutlaq maksimal harorat respublika hududining katta qismida +30…+35 darajani, janubda esa +35…+37 darajani tashkil etgan.
Shu bilan birga, mart oyi o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadi. Janubdan iliq havo oqimlari kirib kelishi Volga bo‘yi, ba’zan Ural va G‘arbiy Sibir tomondan sovuq havo massalari bilan almashib turadi. Natijada iliq kunlar qisqa muddatli sovuq davrlar bilan o‘rin almashadi.
Sovuq rekordlar va so‘nggi yillardagi tendensiya
Kuzatuvlarning uzoq yillik qatorida mart oyidagi mutlaq minimal harorat hududning katta qismida −15…−20 daraja, Qoraqalpog‘iston va Qizilqum shimolida −23…−25 darajagacha tushgan. Ustyurtda esa 1954 yil mart oyida harorat −34…−37 darajagacha pasaygan.
Biroq so‘nggi 25 yilda bunday keskin sovuqlar kuzatilmagan. Eng past ko‘rsatkichlar hududning katta qismida −6…−11 daraja, shimolda −11…−16 daraja, Ustyurtda esa −20…−23 daraja atrofida bo‘lgan.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda mart oylarida sezilarli iliq boʻlyotgani sezilmoqda.
Mart O‘zbekistonda yilning seryomgʻir oylaridan biri hisoblanadi. Aksariyat hududlarda 10−15 kun yog‘ingarchilik kuzatiladi. Shimoliy va cho‘l hududlarida esa bu ko‘rsatkich 5−9 kunni tashkil etadi.
Respublika hududining katta qismida mart oyida o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 50−75 mm ni, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 80−125 mm ni, respublika shimolda, cho‘l hududlarida va Farg‘ona vodiysida 10−35 mm ni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda eng koʻp yogʻingatchilik kuzatilgan oy 2022-yilning mart oyiga to‘g‘ri kelgan. Ayrim hududlarda oylik me’yor 250−350 foizga, Namangan viloyatida esa 400−450 foizga yetib, mutlaq rekord qayd etilgan.
Quruq mart oylari ham kuzatilgan (masalan, 2008 va 2020 yillar), bunda yog‘ingarchilik oylik me’yorning yarmidan ham kam bo‘lgan.
Bu yilgi mart oyi qanday boshlanadi?
Sinoptik prognozlarga ko‘ra, mart oyi boshida ob-havo bahoriy beqaror bo‘ladi. 1-mart kuni ko‘pchilik viloyatlarda havo +12…+17 daraja iliq bo‘lgan quruq ob-havo kuzatiladi.
2-martdan boshlab janubi-g‘arbdan nam havo massalari kirib keladi. Respublika bo‘ylab yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda esa yomg‘ir va qor kuzatiladi.
Oyning birinchi o‘n kunligi oxirigacha yog‘ingarchilik davriy bo‘ladi: tekisliklarda tanaffus bilan yomg‘ir, tog‘larda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Harorat +10…+15 daraja atrofida bo‘lib, ayrim kunlari +6…+9 darajagacha pasayishi mumkin.
Martning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat asta-sekin ko‘tariladi. Harorat kechalari +3…+8 darajadan +8…+13 darajagacha, kunduzlari +12…+17 darajadan +23…+28 darajagacha isiydi.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, qisqa muddatli sovuqlashuvlar bo‘lishi mumkin, biroq isish davrlari uzoqroq davom etadi.