Fotosayr: O‘zbekistondagi ilk so‘zana galereyasi – "Suzani by Kasimbaeva"

E’lon qilingan sana· 178
Fotosayr: O‘zbekistondagi ilk so‘zana galereyasi – "Suzani by Kasimbaeva"

Toshkent shahridagi “Suzuk ota” hunarmandlar mahallasida kashtachilik san’ati bo‘yicha yangi makon ish boshladi. Mohir kashtado‘z Madina Qosimboyeva tomonidan tashkil etilgan ushbu majmua shunchaki ijodiy manzil emas, balki so‘zanachilik maktabining to‘liq siklini o‘zida jamlagan yaxlit ekotizimdir.

Madina Qosimboyeva nomi o‘zbekistonlik hunarmandlar va moda dunyosiga befarq bo‘lmaganlarga juda yaxshi tanish. U Toshkent kashtado‘zlik an’analariga qayta hayot baxsh etgan so‘zana ustasi sifatida ham tanilgan. Hunarmand tikkan choponlarni siyosat olamidagi ayollar, xususan, O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno — Basso, Ilon Maskning onasi, model Mey Mask va boshqalarning egnida ham ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, uning ishlari Buyuk Britaniya muzeyining domiy ko‘rgazmasida ham namoyish etiladi. “Afisha.uz” hunari orqali el orasida hurmat va nom qozongan kashtachi, “Suzani by Kasimbaeva” brendi asoschisi Madina Qosimboyeva bilan katta intervyu uyushtirgan edi.

Majmuaga tashrif buyurarkansiz, siz unda ipak tolasining san’at asariga aylanish zanjirini bosqichma-bosqich kuzatish imkoniga ega bo‘lasiz. U o‘z ichiga o‘quv markazi, ustaxona, galeriya hamda sotuv do‘konini oladi.

Hammasi o‘quv markazidan boshlanadi: bu yerda keng va yorug‘ xonalarda yosh qizlar qadimiy chok turlarini o‘zlashtirib, an’analarni davom ettirayotganining guvohi bo‘lasiz.

So‘ngra ustaxonaga o‘tasiz. Unda mohir kashtado‘zlarning tinimsiz harakatlari, ipak shitirlashi va mato uzra chizilayotgan yangi naqshlar sizni sehrlab qo‘yadi. Qolaversa, bu yerda ipakning bo‘yalishidan tortib, tayyor so‘zana holiga kelgunicha bo‘lgan jarayonni tomosha qilasiz.

Keyin yo‘nalish majmuaning eng nafis qismi — galereyaga ulanadi. U yerda Toshkent so‘zanachilik maktabiga yangi hayot baxsh etgan Madina Qosimboyevaning faoliyati, sara ishlari, so‘zanachilik tarixi, ranglari olinadigan mahsulotlar, uning tayyorlanish bosqichlari, respublika hududlarining o‘ziga xos so‘zanalari namunalari namoyish etilgan.

Aynan shu yerda majmuaning asosiy “yulduzi” — O‘zbekistondagi eng katta so‘zanani ko‘rishingiz mumkin. Uning hajmi kishini hayratga soladi: bo‘yi 8 metr, eni esa 5,5 metrni tashkil etadi.

Sayohat mantiqiy yakun — butikda to‘xtaydi. Bu yerda galereya va ustaxonada ko‘rgan eksklyuziv qo‘l mehnati mahsulotlarini xarid qilib, o‘zingiz bilan olib ketishingiz mumkin.

Majmuani siz o‘zbek, rus, ingliz yoki arab tilidagi gid hamrohligida sayr qilishingiz mumkin.

Ish vaqti: Dushanba-shanba, yakshanba — dam olish kuni.

Kirish narxi: 100 ming so‘m (butun majmua bo‘ylab aylanish, sayr paytida sizga kofe/choy va shirinliklar taklif etiladi).

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov

Prezident oilasiga soʻzana tikadigan Madina Qosimboyeva hikoyasi

“Afisha.uz” hunari orqali el orasida hurmat va nom qozongan kashtachi, “Suzani by Kasimbaeva” brendi asoschisi Madina Qosimboyeva bilan katta intervyu uyushtirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Fotosayr: O‘zbekistondagi ilk so‘zana galereyasi – "Suzani by Kasimbaeva" — Toshkent Afishasi