8-mart uchun 8 g‘oya: qiz-ayollarga nimalar sovg‘a qilish mumkin?

Oʻsha kun yaqin, sanoqli kunlar qoldi — bir necha kundan keyin 8-mart. Bayram yaqinlashar ekan, koʻpchilikning boshiga qanday sovgʻa tanlash boʻyicha oʻylov tushadi. Sovgʻa tanlash — doimgidek muammo. Lekin bundan qochib qutulib ham boʻlmaydi (unday qilish kerak emas oʻzi). Bizning qoʻlimizdan keladigani oddiy: ayol-qizlarga mos keladigan sovgʻalar uchun variantlar berish.
Vaziyatingiz, oʻylovlaringizni yengillatish uchun har yilgi odatimizga sodiq qoldik: turli yoshdagi xotin-qizlarni xursand qilish mumkin boʻlgan sovgʻalar uchun gʻoyalarni qabul qilib oling. Bu yerda nafaqat ana’naviy sovgʻalar, balki kutilmagan va iloji boricha foydali boʻlishi kutilgan gʻoyalarni toʻpladik.
Klassika — kosmetika

Istalgan yoshdagi ayol-qizlarga yoqadigan sovg‘a — bu kosmetika. Erkaklar bu mavzu bilan yaxshi kelishmasligi aniq, lekin bu sovg‘a uchun ajoyib variant. Shunday ekan, yaqin kunlarda kosmetika do‘konlariga borib, sotuvchilardan maslahat olishingiz mumkin. Yoki yana ham osoni: kosmetika do‘koniga borib, byudjetingizga mos vaucher sotib oling.
Ba’zi kosmetika do‘konlari: “BellStore”, “MCosmetics”, “Bloom Beauty Shop” (bu yerda korporativ sovgʻalar uchun ham takliflar bor) va “Kiko Milano”.
Qiynalmang: vaucherlar

Agar sovg‘a uchun nima tanlashni bilmayotgan bo‘lsangiz, eng yaxshi variant — biror do‘kondan vaucher. Agar kiyimlarni misol tariqasida olsak, ularni hamma o‘z didi va o‘lchamiga qarab tanlashini hisobga olsak, biror kiyim do‘kondan o‘z byudjetingizga mos vaucher olishingiz mumkin. Masalan, bunday sovg‘alarni “Chiroyli”, “Selfie”, “Pink Island”, “Just Ladies”, “Kanishka” va “Red Tag” do‘konlaridan topishingiz mumkin.
Vaucher yoki sertifikatlar uchun yana ba’zi tavsiyalar: art-studiyalardagi mahorat darslari / art terapiyalar (bunga birga borgan afzal), fotosessiya, SPA salonlar va fitness klublar (masalan, 1Fit) uchun vaucher yoki sertifikat sovg‘a qilishingiz mumkin. Aytgancha, bularning yoniga albatta gul qo‘shish esdan chiqmasin.
Konsert / teatrga chipta

Sovg‘alarda moddiyatdan ko‘ra hissiyotlar muhimroq. Yaqinlaringiz madaniy hordiq chiqarishini istasangiz, ularga biror konsert uchun chipta sovg‘a qiling. Hozir esa chiptasini sovgʻa qilishga arzirli artistlarning konsertlari ro‘yxatini keltiramiz: Jahongir Otajonov, “Ummon” guruhi, Yulduz Usmonova, Tohir Sodiqov, Egor Krid, Valeriy Meladze, “Benom” guruhi, Mirshakar Fayzulloyevning “Xayr, mart” shousi va hokazo.
Yuqoridagilar yaqin orada boʻladigan va atoqli qoʻshiqchilarning konsertlari, agar sizga (yoki sovgʻa qabul qiluvchiga) toʻgʻri kelmasa, Afisha.uz'ning “Konsertlar” boʻlimidan boshqa konsertlarni qarab koʻrishingiz mumkin.
Shuningdek, hozir koʻp teatrlar Afisha.uz orqali chiptalarini sotuvga yoʻlga qoʻygan. Teatrlar boʻlimiga oʻtib, ma’qul spektaklni tanlab, chipta sotib olishingiz mumkin. Agar tanlovni sovgʻa qabul qiluvchining oʻziga qoldiraman desangiz, “Ilhom” teatri vaucher taklif qilmoqda. Uch xil (300, 500 ming va 1 mln soʻmli) vaucher istalgan spektaklga tushish imkonini beradi.
Ortopedik yostiq / sayohat yostigʻi

Haqiqiy g‘amxo‘r inson sherigining hayotidagi eng muhim jarayon — uyqusi haqida qayg‘uradi. Uyqu — kun davomidagi kayfiyatni belgilab beruvchi omillardan biri. Bunda yostiqning ahamiyati katta — u qanchalik qulay bo‘lsa, uyqu ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Agar yaqinlaringizning kayfiyati haqida qayg‘ursangiz, anatomik yostiq juda ajoyib sovg‘a. Unchalik qattiq bo‘lmagan va moslashuvchan yostiqlarni bu yerdan 159 900 so‘m evaziga xarid qilishingiz mumkin.
Agar siz sovg‘a bermoqchi bo‘lgan inson ko‘p sayohatga yoki yo‘lovchi sifatida mashinada yuradigan bo‘lsa, sayohat yostig‘i u uchun juda kerakli buyum.

Yostiqchalarni turli xili bor. Masalan, suratdagisi bu yerda 75 600 soʻmdan sotilmoqda.
Kitoblar

Kitob — o‘zgarmas va eng foydali sovg‘alardan biri. Siz sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan insonni qiziqishlarini va oxirgi o‘qiyotgan kitobini bilsangiz, uni ham hisobga olib yangi kitob (lar) tanlashingiz mumkin. Agar birdaniga ko‘proq kitob berishni istasangiz, “Asaxiy” 20 ta kitobdan iborat “2023-yil bestsellarlari"ni chegirma bilan 899 ming so‘mga taklif qilmoqda (bu kitoblar haqida bu yerda oʻqishingiz mumkin).
Instax kamera
Hamma rasm telefonda qolib ketayotgan zamonda, oʻsha zahoti qoʻlingizga tushadigan qogʻoz rasmning qadri boshqacha. Bu sovgʻa ayniqsa sayohat qilishni yoki dugonalari bilan vaqt oʻtkazishni yoqtiradiganlar uchun ayni muddao.

Narxlarga keladigan boʻlsa, bu kameralar yuqoridagi sovgʻalardan koʻra biroz qimmatroq. Masalan, “Fujifilm Instax mini 12” sovgʻa toʻplami 2 149 000 soʻm turadi. Uning ichida Instax kamera, maxsus katridji, fotoalbom va gʻilofi boʻladi.
Qahva uchun abonement
Ishoning, bu eng noodatiy sovgʻa boʻladi. Faqat buni berishdan oldin aniqlashtirib olish kerak: u inson kofe yaxshi koʻradimi va har kuni kofe ichadimi? Agar siz sovgʻa bermoqchi boʻlgan inson shu qahvasevar boʻlsa, bu sovgʻa uni 30 kun davomida kayfiyatini super qilib turishi tayin.

Bunday abonementlar koʻp kafelarda ham yoʻq. Masalan, shunday xizmatni yoʻlga qoʻygan Safia ikki xil — 15 va 30 porsiya qahva uchun abonement taklif qiladi. Ular mos ravishda 230 000 va 400 000 soʻm turadi. Sotib olishdan oldin shartlar va boshqa jihatlari bilan yaxshilab tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.
Roʻmollar
Albatta, hijobli qizlar ham koʻp, ularni ham unutmaslik va ularga mos sovgʻa tanlash darkor. Hijobli qizlar uchun ro‘mol — bu shunchaki kiyim emas, bu obrazning asosi. Sifatli, zamonaviy va qulay roʻmol olib, uni chiroyli oʻratib, oldiga gullar qoʻshib sovgʻa qilsangiz boʻladi.

Masalan, mana bu yerda 8-mart uchun maxsus toʻplam tayyorlangan: chiroyli oʻramdagi 2 ta roʻmol — 100 000 soʻm, 2 ta sharf esa 220 000 soʻm. Har ikkala toʻplamga ham tasbeh qoʻshib beriladi.
Must-have: GUL

Gul — alohida sovg‘a emas. Bayram kunlari hech qachon gulni o‘zini sovg‘a qilmang (oddiy kunlarda kayfiyat ulashish uchun berish mumkin, albatta). Bayramlarda gul “must have” qo‘shimchaga aylanadi. Yuqoridagi sovgʻalarni qaysi birini tanlasangiz ham yoniga gul qoʻshib olishni unutmang. Masalan, hozir lolalar mavsumi.
Qadrli ayollar, bayram muborak! Hurmatli erkaklar, bayramni yaxshi oʻtkazib oling!