Toksik insonlar bilan muloqot qilish qarishni tezlashtiradi – tadqiqot

Amerikalik olimlar oʻtkazgan tadqiqot xulosalariga koʻra, toksik insonlar bilan muloqotda boʻlish biologik qarishni taxminan 1,5 foizga tezlashtiradi. Ushbu tadqiqot PNAS ilmiy portalida e’lon qilindi.
Olimlar 2300 dan ortiq odamning fiziologik parametrlari va hayotini tahlil qilgan. Tadqiqot ishtirokchilari o‘z salomatliklari, jumladan, ruhiy holati haqida so‘zlab berishgan va DNK namunalarini topshirishgan.
Olimlar atrofida yoqimsiz yoki dushmanlik kayfiyatidagi odamlar bo‘lgan ishtirokchilar biologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha tengdoshlaridan kattaroq ekanini aniqlagan. Bundan tashqari, turmush oʻrtoqlari emas, balki o‘z do‘stlari yoki qarindoshlarini toksik deb ta’riflaganlarda ko‘rsatkichlar yomonroq chiqqan.
Tadqiqotchilarning fikricha, bu nikoh toksik aloqalarning ba’zi oqibatlarini yumshatishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, odamlar munosabatlarda yolg‘izlikni kamroq his qilishadi.
Shunga qaramay, atrof-muhitning toksikligi har qanday holatda ham sog‘liqqa ta’sir qiladi — stress organizmning qarishini tezlashtiradi. Shu bilan birga, tadqiqot ishtirokchilarining deyarli uchdan bir qismi hayotda hech bo‘lmaganda bitta muammoli odam borligini aytishgan. Respondentlarning 10 foizi ularning yonida ikki yoki undan ortiq shunday odamlar borligini tan olishgan.