Digital Content Residence: qanday qilib "Yor-Yor" Digital Tashkent saundtrekiga aylandi?

E’lon qilingan sana· 235
Digital Content Residence: qanday qilib "Yor-Yor" Digital Tashkent saundtrekiga aylandi?

24-mart kuni Islom sivilizatsiyasi markazi qarshisidagi Namuna art-rezidensiyasi bir kechaga tajriba va musiqa makoniga aylandi. Bu yerda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining Digital Content Residence tajriba dasturi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Taqdimot mamlakatning turli hududlaridan kelgan musiqachilar, raqamli rassomlar, saund-dizaynerlar, vizual ijodkorlar hamda madaniy innovatorlarni birlashtirdi. Ijodiy muhit esa har bir detalda — hatto mehmonlarning norasmiy, ko‘p qatlamli obrazlari, noodatiy uyg‘unliklari va klub kayfiyatida ham yaqqol sezilib turdi.

Mehmonlar rezidensiya hovlisida suhbatlashib, aynan shu kecha uchun maxsus tayyorlangan sitrus ta’mli va yaltirab turuvchi moviy rangdagi “Tamerlano” limonadini tatib ko‘rishdi. Shuningdek, ular loyiha rezidentlari — DJ’lar, musiqa prodyuserlari va kreativ ijodkorlarning xonalariga kirib, musiqa tinglashdi. Ushbu to‘rtta xonada saund-art ijodkorlar tomonidan yaratilgan tayyor treklar yangradi. Mazkur kompozitsiyalar Tamerlano operasi tarkibidagi “Yor-Yor” asaridan ilhomlangan bo‘lib, u Alibek Abdurahmanov boshchiligidagi simfonik orkestr hamda bastakor Kirill Richter tomonidan qayta yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi Gulnora Malikova boshchiligida “Yor-Yor” kompozitsiyasini jonli ijro etdi. Shu lahzada mehmonlar sukutga cho‘mdi — ijro har bir kishini chuqur ta’sirlantirdi. Shu bilan bir vaqtda, hovlidagi katta proyektorda Amir Temurga bag‘ishlangan Tamerlano operasi namoyish etildi va tomoshabinlar bo‘layotgan voqealarni hayajon bilan kuzatib borishdi.

Rezidentlarning treklariga berilgan ta’riflar sodda bo‘lsa-da, ularning har biri o‘ziga xos g‘oyaga ega edi. JOSEF TUMARI tovush va strukturani sinovdan o‘tkazib, noodatiy elektron ohanglar yaratdi. ILYOS esa tambur elementlaridan foydalanib, barokko unsurlarini Markaziy Osiyo musiqiy an’analari bilan uyg‘unlashtirdi. QARAQOOM loyihasi yumshoq pulsatsiyaga ega, sukunatga urg‘u berilgan dauntempo trekni taqdim etdi. Riga shahridan kelgan, o‘zbek kelib chiqishiga ega prodyuser SABINĒ esa ko‘p bosqichli tovush teksturalari orqali kinomatografik narrativ yaratdi.

Barcha treklar kecha davomida aylana tarzda yangrab, loyiha atmosferasiga uzluksiz sho‘ng‘ish hissini yaratdi. Xonalarda, shuningdek, kompozitsiyalar yaratilish jarayonini aks ettiruvchi videolavhalar va fotosuratlar ham namoyish etildi. Kechaning o‘zi ham go‘yo moviy rang olamiga sho‘ng‘ishdek kechdi. Bu rang deyarli hamma narsada — yoritishda, limonadda va dekorativ elementlarda namoyon bo‘ldi. Bu esa Tamerlano operasiga ishora bo‘lib, unda aynan moviy rang ustuvorlik qiladi.

Loyihaning kreativ direktori Said Fazilov ta’kidlaganidek, rezidenturaning maqsadi jamoatchilikning ushbu turdagi musiqaga qanday munosabatda boʻlishini tushunish, shuningdek, madaniy meros raqamli muhitda qanday yashashi mumkinligini namoyish etish edi.

“Biz auditoriyaning munosabatini ko‘rmoqchi, bunday formatga talab qay darajada ekanini anglamoqchi hamda mumtoz asarni zamonaviy platformalar orqali qayta koʻrib chiqishga urinib ko‘rmoqchi edik, — dedi u.

The Handel — Tamerlano: Yor-Yor Remixes turkumi butun dunyo boʻylab 100 dan ortiq yetakchi striming platformalarida chiqariladi. Ushbu reliz allaqachon Yandex Music e’tiborini tortdi va u yerda u asosiy pleylistlarda, jumladan, Uzbek Electronics, New Music from Uzbekistan, Biggest Releases of the Month (Uzbekistan) va boshqa pleylistlarda namoyish etildi.

Laylo Alimova
Muallif
Laylo Alimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling