Endi Oʻzbekistonda har oy "Avtomobilsiz kun" va "Avtomobilsiz hafta" oʻtkaziladi

Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonni imzolagandi. Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan, endi ushbu komissiya faoliyati 2027-yil 1-martgacha uzaytiriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, bu yilgi birinchi avtomobilsiz kun (10-may) yakshanba kuniga, ikkinchisi esa (25-may) dushanba kuniga toʻgʻri keladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.
2026-yil yakuniga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishi ta’minlanishini farmonda belgilandi.
2024-yilda Toshkent shahrida har oyning to‘rtinchi chorshanbasi “Avtomobilsiz kun” sifatida o‘tkazilishi belgilab qoʻyilgandi.