1000 nafarga yaqin talabani birlashtirgan kibersport musobaqasi — "Ziyo Cup"dan reportaj

20−23 aprel kunlari Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan “Cyberium” majmuasida kibersportning “CS:2” yo‘nalishi bo‘yicha “Ziyo Cup” Respublika turniri tashkil etildi. Unda Oʻzbekistonning turli hududlaridan 105 ta jamoa gʻoliblik uchun kurash olib bordi.

Ta’kidlanishicha, ushbu turnirda jamoalar safida 1000 nafarga yaqin oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etgan. Har bir oliygohga ushbu turnir boʻlib oʻtishi haqida e’lon berilgan va 140 dan ortiq oliygohlardan 105 ta jamoa shakllangan. Keyin esa ular saralash bosqichidan oʻz ishtirokini boshlagan.

2025-yilda o‘tkazilgan “Ziyo Cup” musobaqasida ishtirokchilar strategik mahorat talab qilinadigan “Dota 2” yo‘nalishida kuch sinashgan edi. 2026-yilda esa oʻyin tanlovi dinamik ruh kasb etgan va yuqori tezlik hamda keskinlikka boy “CS:2” o‘yini tanlangan.

Musobaqaning geografiyasi keng hisoblanadi. Qayd etilishicha, unga Qoraqalpogʻistondan ham, vodiy va voha viloyatlaridan ham talabalar tashrif buyurgan. Endi esa ishtirokchilarning toifasini ham kengaytirish koʻzda turilgan.

“2026−27 yilga katta rejalar qoʻyganmiz. Ziyo Cup” turniri oʻzi aslida talabalarni qamrab oladi. Endi turnirni nafaqat talabalar, balki umumiy yoshlar oʻrtasida oʻtkazishni rejalashtiryapmiz. Oʻylaymanki, bu rejalarimiz ham amalga oshadi", — dedi Sirojiddin Bozarov.

“Ziyo Cup” har yili oʻtkaziladi. Oʻyin e’lonini koʻrdik va doʻstlarim bilan kelishib, qatnashishga qaror qildik. Qur’a jarayoni omadli keldi va biz saralashdan oʻtdik. Endi maqsad finalga chiqish va gʻalaba qozonish", — dedi ishtirokchilardan biri.

Turnir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 50 000 000 so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, hamkorlar tomonidan maxsus sovgʻalar ham taqdim etiladi.

Musobaqada quyidagi jamoalar gʻolib boʻldi:
- Inha universiteti jamoasi (20 million soʻm);
- TMC universiteti jamoasi (15 million soʻm);
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi (10 million soʻm);
- Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti jamoasi (5 million soʻm).

“Ziyo Forum” fondi tomonidan tashkil etilgan “Ziyo Cup” turniri O‘zbekistonda kibersport nafaqat o‘yin, balki yoshlarni birlashtiruvchi strategik yo‘nalishga aylanib borayotganini ham isbotladi. 2026-yilgi turnir o‘zining keng geografiyasi va 1000 nafarga yaqin talabalarni qamrab olgani bilan ham avvalgi yillardagidan ajralib turganini ta’kidlash mumkin.
Toshkentda "Dota 2" boʻyicha yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqadan reportaj
17–19 noyabr kunlari Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan “Cyber Arena” majmuasida kibersportning "Dota 2" yo‘nalishi bo‘yicha “Ziyo Cup” Respublika turniri tashkil etildi. Unda Afisha.uz muxbirlari ham qatnashdi va reportaj tayyorladi.