Buxoro Biennalesi 2027: Keng koʻlamli loyihaning dastlabki tafsilotlari

E’lon qilingan sana· 109
Buxoro Biennalesi 2027: Keng koʻlamli loyihaning dastlabki tafsilotlari

Loyihaning eng muhim o‘ziga xos jihati uning hamkorlikdagi ijodning noyob modeliga asoslanganidadir. Xalqaro san’atkorlar va mualliflar o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bunda barcha asarlar bevosita O‘zbekistonda yaratiladi, bu esa mahalliy an’analar, bilim va mahoratni zamonaviy san’at amaliyotlari bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.

18-iyun kuni dunyoning yetakchi san’at platformalaridan biri — Art Basel ko‘rgazmasi doirasida Buxoro biennalesi kelajagiga bag‘ishlangan “Madaniy ko‘priklar qurish” mavzusida munozara bo‘lib o‘tdi. Fondation Beyeler muzeyida o‘tkazilgan tadbirda dunyoga mashhur me’mor Kulapat Yantrasast 2027-yilgi loyihaning badiiy rahbari sifatida ilk bor omma oldida chiqish qildi.

Biennalening yangi badiiy rahbari Kulapat Yantrasast o‘zining mintaqa bilan chuqur aloqasini alohida ta’kidladi:

“O‘zbekiston meni ilk tashrifimdanoq o‘ziga maftun etdi — yodgorliklari bilan emas, balki odamlari bilan: ularning hikoyalari, saxovati va dunyoga doimo ochiq madaniyatiga xos xotirjam ishonchi bilan.

Mening 2027-yil uchun maqsadim — infratuzilmani madaniyatning bir qismi sifatida qabul qilib, ushbu muloqotni yanada chuqurlashtirishdir. Bunda karvonsaroylar, madrasalar, hammomlar, maydonlar va bog‘lar rassomlar, hunarmandlar, ekologlar hamda tadqiqotchilar o‘rtasidagi fikr almashish maydoniga aylanadi".

Muhoakamada, shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi, Biennale komissari Gayane Umerova hamda Cartier Foundation for Contemporary Art bosh direktori Kris Derkon ishtirok etdi.

O‘tkazilish sanalari va ko‘lami

Navbatdagi Buxoro biennalesi 2027-yil 3-sentyabrdan 21-noyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar loyiha shahar makonidagi qamrovini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Ko‘rgazmalar va performanslar quyidagi hududlarni qamrab oladi:

  • tarixiy obidalar — qayta tiklangan karvonsaroylar, madrasalar va hammomlar;
  • jamoat maydonlari hamda bog‘lar;
  • shahar bo‘ylab joylashgan me’moriy ansambllar, ularning ko‘pi ilk bor keng jamoatchilik uchun ochiladi.

Loyiha Buxoroni revitalizatsiya qilish master-rejasining bir qismi bo‘lib, u Wilmotte & Associés me’moriy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan.

Biennalening asosiy mavzulari

Biennalening aniq mavzusi keyinroq e’lon qilinadi, biroq keng ko‘lamli fanlararo tadqiqotning asosiy yo‘nalishlari allaqachon belgilangan:

  • san’at, shahar muhiti va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik;
  • global o‘zgarishlar davrida tarixiy xotira va madaniy o‘zlikni saqlash;
  • ekologik transformatsiyalardan tortib yangi urbanistik modellarni izlashgacha bo‘lgan zamonaviy chaqiriqlarga javob topish;
  • o‘tmish va bugun, mahalliy meros hamda jahon san’at jarayonlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish.

Buxoro biennalesi 2027'ning o‘ziga xos jihatlari

Loyihaning asosiy xususiyati sifatida hamkorlikda ijod qilishning noyob modeli saqlanib qoladi. Xalqaro miqyosdagi rassom va san’atkorlar o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Barcha asarlar bevosita O‘zbekistonda yaratiladi.

2027-yilda biennale ikki muhim yangilik hisobiga yangi bosqichga ko‘tariladi:

  1. Fanlararo yondashuv. Rassomlar va hunarmandlar muloqotiga ekologlar, tarixchilar, iqtisodchilar hamda urbanistlar ham qo‘shiladi.
  2. Xalqaro Maslahat Kengashi. Ilk bor dunyo san’at industriyasining yetakchi vakillarini birlashtirgan ekspertlar kengashi tashkil etildi. Uning tarkibiga Saudiya Arabistoni, AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Belgiya va Ozarbayjondan direktorlar hamda kuratorlar kiritilgan. Ular orasida LACMA direktori Maykl Govan va Delfina Foundation direktori Aaron Sezar ham bor.

“2025-yilgi biennale zamonaviy san’at va hunarmandchilik meros, hamjamiyat va madaniy o‘zlik haqida yangi muloqot boshlashga qodir ekanini namoyish etdi. Shu bilan birga, u Buxoroga Buyuk Ipak yo‘lidagi intellektual va ijodiy almashinuv markazi sifatidagi tarixiy mavqeini qayta tiklash imkonini berdi. Kulapat arxitektura, hunarmandchilik, ekologiya, ilm-fan va badiiy amaliyotni umumiy kelajakni shakllantirishning o‘zaro bog‘liq usullari sifatida talqin qiluvchi chuqur insonparvar va fanlararo qarashni olib kiradi”, — dedi Gayane Umerova.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling