20 ming ishtirokchi: "Andijon polkasi" Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

“Andijon polkasi” raqsini bir vaqtning o‘zida 20 ming nafar ishtirokchi tomonidan ijro etilishi natijasida jahon rekordi qayd etildi va Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ommaviy fleshmob “Andijon — Turk dunyosining madaniy poytaxti — 2026” xalqaro tadbiri doirasida oʻtkazilgan. Ginnes vakili viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga rasmiy sertifikatni topshirgan.

Ta’kidlanishicha, namoyish yakunida Ginnes rekordlari (Guinness World Records) tashkilotining maxsus vakili bu madaniy aksiya barcha qat’iy xalqaro mezonlar va talablarga to‘liq javob berganini e’lon qilgan.
Shu bilan birga, viloyat rahbari ushbu yuksak e’tirof nafaqat andijonliklarning, balki butun o‘zbek xalqining boy nomoddiy madaniy merosiga berilgan xalqaro baho ekanini ham aytib oʻtgan.

Avvalroq Namangan Gullar festivali Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham Ginnesning rekordlar kitobidan oʻrin olgan.