Toshkentda ilk sport-bekat ishga tushirildi

Toshkentning Sergeli tumanida, avtomobil bozori yaqinida joylashgan avtobus bekatida ilk sport-bekat tashkil etildi. Mazkur bekatdan 12 ta avtobus yo‘nalishi o‘tadi.
Loyiha Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashabbusi bilan amalga oshirildi. Bekat hududi yo‘lovchilarning avtobus kutish vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun turnik va boshqa jismoniy mashqlar bajarishga mo‘ljallangan elementlar bilan jihozlandi. Endilikda yo‘lovchilar transport kutayotgan paytda yengil mashqlar bajarishi, tortilishi yoki jismoniy faolligini oshirishi mumkin.
Poytaxtda bunday obyektlar avvalo aholi zich yashaydigan hududlarda, serqatnov yo‘nalishlarga ega bekatlarda hamda kutish va mashg‘ulot hududlarini xavfsiz ajratish imkoniyati mavjud joylarda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Asosiy talablar qatoriga xavfsizlik, qulaylik, mustahkam konstruksiyalar va muntazam texnik xizmat ko‘rsatish kiradi.
Toshkent shahar hokimligi va mutasaddilar bu kabi sport-bekatlar sonini ko‘paytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Aholi yangi manzillar bo‘yicha o‘z takliflarini @codd_tashkent_bot orqali yuborishi mumkin.