Statistika: Oʻzbekiston aholisi soni 39 milliondan oshdi

E’lon qilingan sana· 88
Statistika: Oʻzbekiston aholisi soni 39 milliondan oshdi

Oʻzbekistonda 2026-yil 15-yanvar holatiga aholi soni 39 047 321 nafarga yetdi. Bu Statistika qoʻmitasi eʼlon qilgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning dastlabki natijalarida qayd etilgan, deya xabar bermoqda Gazeta uz.

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakat aholisi 1989-yilda oʻtkazilgan soʻnggi aholi roʻyxatiga nisbatan qariyb ikki baravar oshgan. Joriy statistik hisob-kitoblarda aholi soni 38,2 million nafar deb baholangan boʻlsa, roʻyxatga olish yakunlariga koʻra bu koʻrsatkich 810 ming nafardan ortiq yuqori boʻldi. Erkaklar soni 19,8 million, ayollar soni esa 19,3 million nafarni tashkil etgan.

Roʻyxatga olish natijalariga koʻra, aholining 89,4 foizi oʻzbeklar, 3,3 foizi tojiklar, 2,2 foizi qoraqalpoqlar, 1,8 foizi qozoqlar, 1,6 foizi ruslar hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 35,7 million nafar fuqaro yoki aholining 91,3 foizi oʻzbek tilini ona tili sifatida koʻrsatgan.

Maʼlumot uchun, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar ikki bosqichda oʻtkazilgan. Yakuniy dastlabki natijalarga koʻra, respublika boʻyicha 8,3 millionta xonadon toʻliq qamrab olingan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling