"Tamerlano" operasi Versal Qirollik operasida taqdim etildi. Bu qanday boʻldi: foto va video

E’lon qilingan sana· 280
"Tamerlano" operasi Versal Qirollik operasida taqdim etildi. Bu qanday boʻldi: foto va video

"Bu milliy terma jamoaning Jahon chempionatiga chiqishi bilan teng. Mustaqillikning 35 yillik tarixida bunday holat birinchi marta yuz bermoqda", — deydi dirijyor Alibek Kabdurahmonov.

30-iyun kuni Versal Qirollik operasi — Royal Opera of Versailles’da O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan yaratilgan Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasining yangi talqinidagi konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat va butun o‘zbek operasi tarixi uchun bu voqeani hech mubolag‘asiz tarixiy deb atash mumkin: ilk bor O‘zbekistondan kelgan jamoa Yevropaning eng nufuzli teatrlaridan biri sahnasida chiqish qildi.

Versal qirollik operasi bugungi kunda konsert maydoni sifatida faoliyat yuritib, yiliga atigi 30−40 ta eksklyuziv spektakllarni qabul qiladi. Bu yerda shunchaki gastrol uyushtirib bo‘lmaydi — platforma loyihalarni sinchkovlik bilan tanlaydi. Bu yerda chiqish qilish Yevropaning yuqori tabaqasiga o‘zingizni tanitish demakdir. 712 tomoshabinga mo‘ljallangan zal premyera kuni to‘ldi.

O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri musiqachilari uchun ham bu chiqish o‘zgacha bo‘ldi. Ko‘pchilikning e’tirof etishicha, Versalning Oltin zali sahnasiga chiqish ularning bolalik orzusi, taklif etilish esa katta sharaf hisoblangan. Endi bu orzu rasman haqiqatga aylandi.

Loyihaning xalqaro maydondagi yo‘li 2026-yilning yanvar oyida Dubai Opera, keyin Vena Musikverein va Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatrida boshlangandi. Ammo aynan Versal ushbu yo‘nalishning eng ramziy bekatiga aylandi.

O‘zbekiston xalq artisti, Amir Temur partiyasi ijrochisi Jenisbek Piyazov bundan 18 yil avval Parijga ilk bor kelganida shaharning yirik opera teatrlari sahnasiga chiqishni orzu qilgani haqida gapirdi.

“Bugun bu orzu haqiqatga aylanmoqda. “Tamerlano"ning aynan Versalda taqdim etilgani men uchun juda muhim. Fransuz tomoshabinlari Gendelning bu operasini deyarli bilishmasdi va bizning ijromiz ular uchun kashfiyot bo‘ldi. Milliy kolorit, an’anaviy cholg‘ular, xor partiyalari va o‘zbek maqomlarining uyg‘unligi spektaklni haqiqatan ham o‘ziga xos qiladi”, — dedi xonanda.

O‘zbekiston Milliy simfonik orkestrini boshqaruvchi dirijyor Alibek Kabdurahmonov ham chiqishdan keyingi his-tuyg‘ularini yashirmadi:

“Nimalarni his qilayotganimizni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Zamonaviy O‘zbekiston tarixida hali bunday muhim maydonlarda chiqishlar bo‘lmagan. Biz Avstriyada, Mariinkada chiqish qildik, endi shu yerdamiz. Bu ijodning cho‘qqisi! Bilasizmi, buni terma jamoaning Jahon chempionatiga chiqishi bilan taqqoslash mumkin. Mustaqillikning 35 yillik tarixida bunday holat birinchi marta yuz bermoqda va bu konsert tarixda katta iz qoldiradi”, — dedi u.

Fransuz jamoatchiligi nafaqat Gendelni, balki O‘zbekistonni ham kashf etdi. Fransiyaning asosiy sahnalaridan birida o‘zbek ohanglarini eshitish yoqimli edi, ammo tomoshabinlarning munosabatini kuzatish yanada qiziqarliroq boʻldi. O‘ychan nigohlar, chinakam qiziqish, so‘ng bir lahza — zalda karnaylarning kuchli sadosi yangraganida hayrat! Fransuz estetlari buni mutlaqo kutmagan edi. “Yor-yor” qo‘shig‘i yangraganida ham tomoshabinlar xuddi shunday hayratga tushdi.

Ushbu g‘ayrioddiy musiqiy tajriba uchun bastakor Kirill Rixter mas’ul bo‘lib, u asarning yangi versiyasiga hammualliflik qilgan. Uning konsepsiyasi Gendelning barokko partiturasini o‘zbek milliy cholg‘ulari, xor sadosi va maqom unsurlari bilan uyg‘unlashtirgan.

“Bu juda katta mas’uliyat va sharaf, lekin shu bilan birga an’anaviy orkestr, xalq cholg‘ulari bilan jonglyorlik qilish, bu ekzotik musiqiy kokteylni shu yerda, Versalda, butun fransuz monarxiyasi uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lgan kanonik joyda yaratish juda ajoyib”, — dedi bastakor.

“Tamerlano"ning konsert versiyasi gulduros qarsaklar bilan yakunlandi. Tomoshabinlar tik turib qarsak chaldi va ijrochilarni sahnada uzoq vaqt ushlab turdi.

Muallif
Gala Sapayeva
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling