Yangi Sergeli ko‘chasida dam olish hududi, do‘kon va kafelar ochildi

Toshkentning Sergeli tumanida Yangi Sergeli ko‘chasining bir qismida obodonlashtirish ishlari yakunlandi. Bu yerda do‘konlar, kafelar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va dam olish joylariga ega uzluksiz ishlaydigan yangi hudud paydo bo‘ldi.

Loyiha 2,1 kilometr uzunlikdagi hududni qamrab olgan. Aholi uchun 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni va nuroniylar maskani tashkil etildi.

Yangi Sergeli koʻchasidan kuniga oʻrtacha 15−20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha toʻliq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangilangan ko‘chaga tashrifi davomida obodonlashtirilgan hudud va ta’mirlangan uylarni ko‘zdan kechirdi hamda fuqarolar bilan suhbatlashdi. Mahalla faollari hudud yanada qulay, chiroyli va gavjum bo‘lganini ta’kidladi.