Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi yangi binoga ko‘chiriladi

E’lon qilingan sana· 63
Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi yangi binoga ko‘chiriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopilgani va undagi noyob eksponatlar taqdiri bo‘yicha xavotirlar bildirilgan xabarlar tarqaldi. Yozuvchi Shukur Jabbor ham prezidentga murojaat qilib, muzeyni saqlab qolishga chaqirdi.

U muzey yopilgani, undagi 70 mingga yaqin noyob ashyo xavf ostida qolishi mumkinligini aytib, muassasani saqlab qolishga chaqirgan.

Fanlar akademiyasi muzey yopilmayotgani, aksincha, nodir qo‘lyozmalar va eksponatlarni yaxshiroq sharoitda saqlash hamda raqamlashtirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Yangi Toshkentdagi yangi bino foydalanishga topshirilgunga qadar muzeyning qo‘lyozma va toshbosma manbalari Islom sivilizatsiyasi markaziga, boshqa eksponatlar esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtincha joylashtiriladi.

Hozirda muzey tashrif buyuruvchilar uchun vaqtincha yopilgan, biroq xodimlar faoliyatini davom ettirmoqda. Fanlar akademiyasi barcha jarayonlar madaniy merosni saqlash va muzeyni yangi binoga ko‘chirishga qaratilganini ta’kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling