Ekologiya qo‘mitasi anomal issiq oldidan ehtiyot choralarini e’lon qildi

E’lon qilingan sana· 60
Ekologiya qo‘mitasi anomal issiq oldidan ehtiyot choralarini e’lon qildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi anomal issiq munosabati bilan fuqarolar, mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlarni ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, 13−17-iyul kunlari respublika hududiga janubdan o‘ta issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati 44−46°C gacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Fuqarolarga bu davrda quyidagi ehtiyot choralari tavsiya qilindi:

  • Kunning eng issiq vaqti — soat 11:00 dan 17:00 gacha imkon qadar ochiq havoda bo‘lmaslik;
  • Yetarli miqdorda suv iste’mol qilish, yengil va och rangli kiyimlar kiyish hamda quyosh nurlaridan himoyalanish;
  • Bolalar, yoshi ulug‘ insonlar va salomatligida muammosi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratish;
  • O‘rmonlar, dam olish maskanlari va boshqa yashil hududlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, ochiq olov yoqmaslik hamda yonuvchan chiqindilarni tashlab ketmaslik;
  • Xonadon va mahalla hududidagi qarovsiz qolgan daraxtlarga befarq bo‘lmaslik, ularni qurib qolishdan asrash choralarini ko‘rish;
  • Xonadonlar va mahallalardagi daraxt hamda butalarni erta tongda yoki kechqurun muntazam sug‘orish, tuproq namligini saqlash maqsadida ildiz atrofi tuprog‘ini yumshatish va imkoniyatdan kelib chiqib organik qoplama (mulcha) qo‘llash;
  • Daraxtlar va boshqa yashil hududlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilish.

Qo‘mita daraxt va butalarni ertalab yoki kechqurun sug‘orish, yangi ekilgan ko‘chatlarni alohida nazoratga olish, suvdan tejamkor foydalanish hamda yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun suv manbalarini saqlash zarurligini ham eslatdi.

Qurilish va ishlab chiqarish obyektlari atrofidagi daraxtlarni qurilish changi ta’siridan muhofaza qilish, zarurat tug‘ilganda ularning barglarini suv bilan yuvish hamda ildiz qismiga suvning erkin singishini ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling