Yangilangan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida sizni nimalar kutmoqda? Reportaj

Shoshma-shosharlik bilan yashayotgan Toshkent markazida shunday bir manzil bo‘lib, u yerda vaqt o‘z yurishini sekinlashtirgandek tuyuladi. Sharaf Rashidov ko‘chasida joylashgan, mahobatli va sirli kub shaklidagi bino yonidan har kuni minglab odamlar o‘tadi. Lekin unga qadam bosish, xuddi vaqt mashinasiga o‘tirib, bir necha ming yillik o‘tmishga sayohat qilishdek gap.
Afisha.uz Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va eng yirik muzeylardan biri, ikki yillik rekonstruksiyadan so‘ng tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini qayta ochgan ana shu joy — O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bo‘ylab virtual sayr uyushtiradi. Kuni kecha u Toshkent modernizmining 10 ta binosi orasida YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Muzeyning hozirgi binosi 1970-yilda qurilgan bo‘lib, u sovet modernizmining eng yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Ikki yillik murakkab rekonstruksiya jarayonida binoning kommunikatsiya va ventilyatsiya tizimlari, yong‘in xavfsizligi va mikroklimat sharoitlari to‘liq yangilangan.
Muzeyning yangi konsepsiyasi va ekspozitsiya dizayni ustida Turkiyaning Avdor kompaniyasi mutaxassislari ish olib borgan. Muhim tomoni shundaki, butun ta’mirlash jarayonida muzeydagi 350 mingdan ortiq bebaho eksponatlar fondda ehtiyotkorlik bilan saqlangan va endilikda yangi vitrinalardan joy olgan. Ilgari muzeyda 9 ta bo‘lim mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular 20 tagacha kengaytirilib, tarixiy davrlar yanada aniqroq ajratilgan.

Ichkariga kirishingiz bilan sizni keng va salqin foye kutib oladi. Sayohatning asosiy tarixiy qismi 3-qavatdan boshlanadi. Bu yerda insoniyatning ilk qadamlaridan tortib, Sharqning oltin davrigacha bo‘lgan xronologiyasi 11 ta ixtisoslashgan bo‘limda jamlangan. Zinapoyalar bo‘ylab ko‘tarilarkansiz, sizni birinchi bo‘lib, Markaziy Osiyo hududidagi eng qadimiy odamlarning hayoti aks etgan bo‘lim kutib oladi. Vitrinalarda million yildan ziyod tarixga ega Selung‘ur g‘ori topilmalari, Teshiktoshdan aniqlangan Neandertal bola suyaklari maketi va ibtidoiy tosh qurollar joy olgan. Yorug‘likning oqilona yo‘naltirilgani toshga o‘yilgan har bir izni aniq ko‘rish imkonini beradi.

Keyingi qadam esa muzeyning eng mashhur va dunyo tarixchilarini hayratga soladigan zallaridan biri — Kushon imperiyasi va buddizm davriga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ladi. Surxondaryodagi Fayoztepa va Qoratepa yodgorliklaridan topilgan bebaho eksponatlar bu yerning haqiqiy “javohiri” hisoblanadi. Ayniqsa, I-II asrlarga oid Budda haykali qarshisida to‘xtamay o‘tolmaysiz. Bu yerda Buddaning shogirdlari bilan birga tasvirlangan haykalchalari, qadimiy freskalar va kushon tangalari ham mavjud.

Yana yuqori qavatlarga ko‘tarilar ekansiz, o‘rta asrlarning gullab-yashnagan davriga tushib qolasiz. Afrosiyob devoriy rasmlarining mahobatli namunalari, Somoniylar va Temuriylar davriga oid tangalar to‘plami, sovut-qalqonlar va xattotlik san’ati durdonalari sizni sharqona muhitga olib kiradi. Bu yerda kulolchilik san’atining yuksak namunalari bo‘lmish sirlangan idishlarning ranglari va naqshlari yangi vitrinalar ortida xuddi kecha yasalgandek yashnab turganiga guvoh bo‘lasiz.
Muzey sizni, shuningdek, O‘zbekiston hududida islom dinining yoyilishi, birinchi uyg‘onish davri hamda mo‘g‘ullar bosqini va unga qarshi ozodlik harakatlari aks etgan davrlarga yetaklaydi.

To‘rtinchi qavatda sizni O‘zbekiston hududida XVI-XIX asrlarda ro‘y bergan hodisalar va topilmalar kutib turadi. Bu yerda siz Buxoro amiri saroyining zardo‘zi to‘nlari, Nurota va Shahrisabz kashtachilik maktabiga mansub ipak suzanalar, kumushdan yasalgan murakkab zargarlik taqinchoqlarini ko‘rishingiz mumkin.
Undan so‘ng Rossiya imperiyasi mustamlakachilik siyosati, O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida, O‘zbekiston SSR yillarida, mustaqillikka erishgan O‘zbekiston, Yangi O‘zbekiston kabi bloklarga o‘tiladi.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Jamshid Pirimqulovning aytishicha, bu galgi rekonstruksiyadan so‘ng ekspozitsiyalar ko‘lami sezilarli darajada kengaytirilgan. Masalan, ilgari Chor Rossiyasi va Sovet davriga bag‘ishlangan bo‘lim yagona bir blok ko‘rinishida taqdim etilgan bo‘lsa, yangilangan konsepsiyada ular alohida davrlarga ajratildi.

Endilikda 1865-yildan boshlab to Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan bosqich (Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati) alohida ko‘rgazma maydonini egallagan. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillari hamda 1950-yildan 1991-yilgacha bo‘lgan sovet davri tarixi ham mustaqil bo‘limlar sifatida shakllantirilgan. Bu esa muzey fondidagi noyob manbalarni yanada aniq va batafsil namoyish etish imkonini beradi.
“Eng qadimgi davrlardan to mustaqillik yillarigacha bo‘lgan boy tarixni namoyish etishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanildi. Endilikda ekspozitsiyalar shunchaki osori-atiqalar yig‘indisi emas, balki multimedia va innovatsion yechimlar bilan boyitilgan holda taqdim etilmoqda”, — dedi u.

Ikki qavatni (3 va 4-qavatlar) egallagan ekspozitsiya bo‘ylab harakatlanish uchun imkoniyati cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan maxsus yo‘lakchalar qurilgan va pandus hamda liftlar to‘liq yangilangan. Tashrifchilar uchun alohida kafe, shuningdek, kitob mutolaa qilish, qahvaxo‘rlik va Wi-Fi orqali ishlash yoki hordiq chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lgan book cafe tashkil etilmoqda.

Manzil: Toshkent shahri Sharaf Rashidov ko‘chasi 3-uy.
Mo‘ljal: “Mustaqillik maydoni” metro bekati.
Ish vaqti: Seshanba — Yakshanba (10:00 dan 18:00 gacha).
Dam olish kuni: Dushanba.
Ilgari faqat 1-qavatda joylashgan bolalar hududi endilikda 4-qavatda ham alohida maydon sifatida ochilgan. U yerda yosh avlodning tarixga bo‘lgan qiziqishini va dunyoqarashini oshirishga qaratilgan ko‘plab interaktiv imkoniyatlar yaratilgan.

Chipta narxlari va ekskursiya xizmati
Muzeyga kirish chiptalari narxi tashrif buyuruvchilar toifasiga qarab belgilangan:
- maktab o‘quvchilari uchun: 30 ming so‘m;
- talabalar uchun: 40 ming so‘m;
- mahalliy aholi uchun: 50 ming so‘m;
- xorijiy turistlar uchun: 100 ming so‘m.
Shuningdek, muzey bo‘ylab 5 kishigacha bo‘lgan guruhlar uchun ekskursiya xizmati 100 000 so‘mni tashkil etadi. Ekskursiyalar uch tilda — o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Quyida muzeydan olingan koʻproq suratlarni tomosha qilish mumkin.
Toshkentdagi 10 ta modernizm obyekti YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi
Qaror Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tayotgan YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida qabul qilindi.