Mustaqillik shoh ko‘chasining “Buyuk Ipak Yo‘li” metrosidan tuman hokimligigacha bo‘lgan qismi yangilandi

Mustaqillik shoh ko‘chasining “Buyuk Ipak Yo‘li” metro bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligigacha bo‘lgan 1,7 km uzunlikdagi qismi yangilandi. Bu yerda yo‘l qoplamasi to‘liq almashtirildi, svetoforlar va bekatlar yangilandi, trotuarlar hamda yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimi tartibga keltirildi, shuningdek, yo‘l bo‘yidagi hudud obodonlashtirildi.

Eski asfalt 46 078 kvadrat metr maydondan olib tashlanib, yo‘l asosi qayta mustahkamlandi. Shundan so‘ng bir necha qatlamli yangi qoplama yotqizildi: dastlab 9 sm qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton, keyin qo‘shimcha mustahkamlik uchun bazalt to‘ri va ustiga 5 sm qalinlikdagi yeyilishga chidamli asfalt yotqizildi.

Chorrahallarda yangi svetoforlar o‘rnatildi, jamoat transporti yo‘lovchilari uchun oltita yangi bekat tashkil etildi. Hokimlik qarshisida, “Dinamo” stadioni va “Pushkin” metro bekati chiqishi yaqinida yana bir bekat majmuasini ochish rejalashtirilmoqda.

Yomg‘ir suvlarini chiqarish uchun 1 800 metr eski lotok almashtirildi va avval mavjud bo‘lmagan joylarda yana 1 600 metr lotok qo‘shildi.

Shuningdek, 111 metr yangi metall quvur yotqizildi va 500 metr quvur yangilandi. Piyodalar uchun 3 400 metr bordyur o‘rnatildi, trotuarlar va piyodalar o‘tish joylari tartibga keltirildi.

O‘tish joylarida yashil chiziq ko‘rinishidagi teskari taymerli svetoforlar o‘rnatildi. Yakunda yo‘lga yangi chiziqlar chizildi.