Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasida harakat tartibi o‘zgartirildi

Toshkentdagi tirbandlik ko‘p kuzatiladigan chorrahalardan biri — Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasida harakatni tashkil etish sxemasi o‘zgartirildi. Bu o‘zgarish tirbandliklarni kamaytirish va transport oqimini bir maromda harakatlantirishga qaratilgan.

Endilikda Mustaqillik ko‘chasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga chapga burilish taqiqlanadi. Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga borishi kerak bo‘lgan haydovchilar Mustaqillik ko‘chasi bo‘ylab to‘g‘ri harakatlanib, Parkent ko‘chasiga burilishi, yana Mustaqillik ko‘chasiga chiqishi va shundan so‘ng Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga o‘ngga burilishi kerak.

Parkent ko‘chasidan Mustaqillik ko‘chasiga chiqayotgan avtomobillar uchun esa ikki tomonlama harakatlanadigan yangi yo‘l qismi tashkil etildi.
Avval chapga burilish chorrahada, ayniqsa tig‘iz vaqtlarda, ikki-uch qatorda avtomobillar to‘planishiga sabab bo‘lgan. Haydovchilardan yangi yo‘l belgilariga e’tibor berish va yangilangan harakat tartibiga rioya qilish so‘ralmoqda.
