Tailand vizasini Toshkentdan chiqmasdan olish mumkin bo‘ladi

Tailand 15-sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz kirish tartibini bekor qiladi. Biroq sayyohlik vizasini rasmiylashtirish uchun Moskvaga borish shart emas: vizani Thai E-Visa tizimi orqali olish, konsullik yig‘imini esa Toshkentdagi Lilavadi Consult kuryerlik-konsalting kompaniyasi orqali to‘lash mumkin.
Tailand vizasi uchun yig‘im 40 dollarni tashkil etadi. Toshkentdagi vositachi orqali to‘lov qilinganda viza yig‘imidan tashqari 420 ming so‘m xizmat haqi olinadi. Ariza Thai E-Visa tizimida to‘ldiriladi va unga pasport, aviachiptalar, Tailanddagi yashash joyi tasdig‘i, 4×6 sm fotosurat hamda moliyaviy imkoniyatni tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi kabi hujjatlar ilova qilinadi. Hisobda har bir kishi uchun kamida 20 ming bat bo‘lishi kerak.
Viza elektron shaklda beriladi va pasportga yopishtirilmaydi. U uch oy muddatga rasmiylashtiriladi, Tailandda qolish muddati esa chegaradagi nazorat xodimi tomonidan belgilanadi. Elchixona zaruratga ko‘ra qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi yoki ariza beruvchini suhbatga chaqirishi mumkin.
Viza olish jarayonida Moskvaga borishning yana ikki varianti ham bor: arizani Tailandning Moskvadagi elchixonasida shaxsan topshirish yoki u yerda yashovchi tanishlar orqali yig‘imni to‘lash. Kelgusida xizmatni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda, biroq hozircha viza saytida O‘zbekiston banklari kartalari orqali to‘lov amalga oshirib bo‘lmaydi.