Toshkentda konferensiya yoki muzokaralarni qayerda o‘tkazish mumkin — biznes uchrashuvlar uchun zallarga ega 10 ta mehmonxona

Toshkentda bir necha yuz ishtirokchiga mo‘ljallangan forum, trening yoki hamkorlar bilan uchrashuv o‘tkazish mumkin bo‘lgan o‘nta mehmonxonani jamladik. To‘plamda zallarning sig‘imi, o‘rindiqlarni joylashtirish usullari, parallel sessiyalar va ishbilarmonlik kechki ovqatlarini tashkil etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berilgan.
Bir necha yuz kishilik forum uchun katta zal va ro‘yxatdan o‘tish hududi muhim. Bir vaqtning o‘zida bir nechta seksiyada o‘tadigan konferensiya uchun alohida xonalar kerak bo‘ladi. Hamkorlar bilan uchrashuv uchun esa bitta umumiy stolga ega xona ham yetarli bo‘lishi mumkin. Ushbu to‘plamdan katta taqdimotlardan tortib tor doiradagi muzokaralargacha bo‘lgan biznes tadbirlarini o‘tkazish mumkin bo‘lgan Toshkentdagi o‘nta mehmonxona o‘rin olgan.
Forumlar va yirik konferensiyalar uchun
JW Marriott Hotel Tashkent
Maydoni 820 m² bo‘lgan Grand Ballroom zalida o‘rindiqlar teatr uslubida joylashtirilganda 600 nafargacha ishtirokchini sig‘dirish mumkin. Agar umumiy sessiyadan so‘ng dastur bir nechta yo‘nalishga bo‘linsa, Onyx, Lazuli va Turquoise zallaridan foydalanish mumkin. Ushbu zallarning har biri teatr uslubida 40−80 kishiga mo‘ljallangan.
2026-yil 25−26-mart kunlari mehmonxonada Tashkent Water Week xalqaro forumi bo‘lib o‘tgan. Dasturdan Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi hamda suv resurslarini boshqarishda ilmiy ma’lumotlardan foydalanishga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin olgan.
InterContinental Tashkent
Maydoni 820 m² bo‘lgan asosiy zalning ko‘chadan alohida kirish eshigi mavjud. Bu mehmonxonada yashamaydigan ishtirokchilar ham keladigan tadbirlar uchun qulay. Kongress markazidagi Amudaryo va Sirdaryo zallarini parallel sessiyalar uchun oltita alohida xonaga ajratish mumkin. Tor doiradagi uchrashuvlar uchun esa 11-qavatda o‘n kishiga mo‘ljallangan Boardroom mavjud.
2026-yil 16-iyunda bu yerda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston-Koreya biznes forumi o‘tkazilgan. Unda Koreya kompaniyalari va ishbilarmonlik tashkilotlarining 300 nafardan ortiq vakili qatnashgan. Ma’ruzalardan so‘ng biznes va davlat tuzilmalari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.
Hyatt Regency Tashkent
Navoiy ko‘chasida joylashgan mehmonxonaning Regency Ballroom zali 844 m² maydonni egallaydi va suriladigan to‘siq yordamida ikki qismga ajratiladi. Zalga mehmonxona ichidan ham, bevosita ko‘chadan ham kirish mumkin. Bir nechta yo‘nalishdagi dasturlar uchun alohida zallar, jumladan, o‘z foyesiga ega Samarkand zali mavjud. Uning foyesida chiqishlar oralig‘ida kofe-breyk tashkil etish mumkin.
2025-yil 29-oktyabrda mehmonxonada HOTELPRO HUB Business Forum bo‘lib o‘tgan. Tadbirda mehmonxona egalari va boshqaruvchilari, investorlar, arxitektorlar hamda mehmonxona biznesi uchun texnologiyalar yetkazib beruvchilar uchrashgan.
Hilton Tashkent City
Grand Ballroom zalida o‘rindiqlar teatr uslubida joylashtirilganda 500 nafargacha ishtirokchini sig‘dirish mumkin. Agar chiqishlardan keyin dumaloq stollar atrofida kechki ovqat rejalashtirilgan bo‘lsa, banket shaklidagi joylashuv 400 nafar mehmonga mo‘ljallangan. Seminarlar va kichikroq uchrashuvlar uchun mehmonxonada har biri 140 m² maydonga ega beshta Tashkent zali mavjud.
2026-yil 13−14-fevral kunlari mehmonxonada VII Hotel Business Forum bo‘lib o‘tgan. Sohaviy sessiyalarda kadrlar tayyorlash, raqamli vositalarni joriy etish va mehmonxona biznesida sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilingan.
Taqdimot, seminar va treninglar uchun
DoubleTree by Hilton Tashkent
Maxtumquli ko‘chasidagi mehmonxonaning 341 m² maydonga ega asosiy zali teatr uslubida 300 nafargacha ishtirokchini sig‘diradi. Ishtirokchilarga stol kerak bo‘ladigan o‘quv mashg‘ulotlari uchun esa shu zalda sinfxona uslubida 154 tagacha joy tashkil etish mumkin.
2026-yil 27-martda mehmonxonada Hospitality Day tadbiri o‘tkazilgan. Sohaviy uchrashuv O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan investorlar, mehmonxona egalari, arxitektorlar va dizayn byurolari vakillarini birlashtirgan.
Swissôtel Tashkent
Shahrisabz tor ko‘chasida joylashgan mehmonxonada uchrashuvlar uchun o‘nta xona va biznes markazi mavjud. Eng katta zalning maydoni 700 m² bo‘lib, Accor ma’lumotlariga ko‘ra, u ko‘pi bilan 450 kishini sig‘dira oladi. Umumiy taqdimotdan so‘ng alohida guruhlarda muhokamalar o‘tkaziladigan konferensiyalar uchun ushbu maydonni ko‘rib chiqish mumkin.
2026-yil 26-sentyabrda bu yerda mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligiga bag‘ishlangan Safety Caravan konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, unda 100 nafardan ortiq rahbar va soha mutaxassisi qatnashgan.
Wyndham Tashkent
Silk Road Ballroom zalidan yaxlit holda foydalanish yoki uni ikki qismga ajratish mumkin.
30−60 kishilik seminar uchun Samarqand zali mos keladi. Kichikroq tarkibdagi muzokaralar yoki yig‘ilishlar uchun esa Bukhara va Khiva zallari mavjud. Ushbu zallarning har biri o‘rindiqlarni joylashtirish usuliga qarab 10−30 nafar ishtirokchiga mo‘ljallangan.
Radisson Blu Hotel, Tashkent
Amir Temur shohko‘chasidagi mehmonxonada tadbirlar uchun uchta zal mavjud. Ulardan biri — Turquoise teatr uslubida 70 nafargacha ishtirokchini sig‘diradi. Zallar videokonferensiya uskunalari bilan jihozlangan. Shu sababli taqdimot yoki muhokamalarga boshqa shaharlardagi hamkasblarni ham masofadan ulash mumkin.
2026-yil 6−8-avgust kunlari mehmonxonada birinchi Milliy transport xakatoni bo‘lib o‘tgan. Jamoalar 72 soat davomida transport sohasi uchun raqamli xizmatlar prototiplarini ishlab chiqib, ularni hakamlar hay’atiga taqdim etgan.
Muzokaralar va kichik tarkibdagi uchrashuvlar uchun
Crowne Plaza Tashkent
Davan zali 100 nafargacha mehmon ishtirok etadigan tadbirlarga mo‘ljallangan. Uni ikkita mustaqil xonaga ajratish mumkin. Masalan, birida taqdimot o‘tkazib, ikkinchisida hamkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish mumkin. Mehmonxona Zulfiya Xonim ko‘chasida, Minor masjidi va “Navro‘z” bog‘i yaqinida joylashgan.
2025-yil 22-yanvarda mehmonxonada Sirdaryo havzasi bo‘yicha muloqotning ikkinchi uchrashuvi o‘tkazilgan. Ishtirokchilar mintaqadagi suv resurslarini boshqarish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Anor & Saffron Tashkent, Curio Collection by Hilton
Abdulla Qahhor ko‘chasidagi butik-mehmonxona shaharga qisqa muddatga keladigan ishtirokchilar bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazish uchun mos keladi. Hilton ma’lumotlariga ko‘ra, aeroport mehmonxonadan taxminan 1,3 km uzoqlikda joylashgan. Bu yerda uchrashuvlar uchun xonalar mavjud. Mos xona va uning sig‘imini mehmonxonaga murojaat qilib aniqlashtirish mumkin.
Bron qilishdan oldin tadbir dasturiga mos zal sxemasini so‘rab olish tavsiya etiladi. Sahna, ishtirokchilar uchun stollar va tasvirga olish hududi mavjud o‘rinlar soniga ta’sir qiladi. Agar mehmonlar boshqa shaharlardan keladigan bo‘lsa, shu so‘rovning o‘zida ularni joylashtirish masalasini ham ko‘rsatish, shuningdek, uskunalar va kofe-breyklar narxga kiritilgan-kiritilmaganini aniqlashtirish mumkin.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan.




















































