Madaniyat va san’at bayrami: «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» taqdirlash marosimidan reportaj (foto, video)

E’lon qilingan sana· 841
Madaniyat va san’at bayrami: «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» taqdirlash marosimidan reportaj (foto, video)

28-yanvar kuni “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadbirdan reportaj tayyorladi.

Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, nominatsiyalar keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, eng ko‘p ovoz to‘plagan 15 ta nominatsiya mukofotga tavsiya qilingan. Qolgan 5 ta nominatsiya esa komissiya qarori asosida tanlab olingan.

“G‘oliblarni aniqlashda bevosita xalq fikri inobatga olindi. Mukofotga jami 300 ga yaqin nomzodning hujjati kelib tushdi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, ular orasidan 60 nafari tanlab olindi va ular ro‘yxati keng jamoatchilik ovoz berishi uchun Milliy tanlovlar platformasiga joylashtirildi. Jami ovozlar soni 55 ming dan oshdi”, — deyiladi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati axborotida.

O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazovning aytishicha, ushbu tadbir orqali bir guruh yoshlar ozgina bo‘lsa ham qo‘llab-quvvatlanadi.

“Bunday ko‘rik-tanlovlar, taqdirlashlar ko‘p bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Masalan, bugungi tadbirda siz yoki men tanimagan yoshlar kashf qilinishi mumkin. Ularni mehnatiga yarasha mukofot berib, rag‘batlantirish kerak. Bu esa kelgusi ijod yo‘lida kuch-quvvat berishi shubhasiz”, — dedi u.

“Qiziqchilar ham qo‘llab-quvvatlanishi kerak”

Taniqli qiziqchi Zokir Ochildiyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan turli madaniy-ma'rifiy tadbir va tanlovlarda qiziqchilarga ham e’tibor qaratilib, qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

“Bugungi marosimda rassomlar, bastakorlar, shoirlar va boshqa ko‘plab yo‘nalishdagi ijodkorlarning nomzodlari qo‘yilganini ko‘rdim. Ammo qiziqchilarniki yo‘q ekan. Shaxsiy fikrimcha, qiziqchilar nominatsiyasi ham bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, ularni birlashtirib turadigan uyushma tashkil etilishi, unga ilmli, aqlli odamlar boshchilik qilishini istardim. Agar qiziqchilarning repertuariga qarab kerakli toshlar qo‘yib berilsa, bu katta va kerakli kuchga aylanadi, deb o‘ylayman. Qiziqchilarni ko‘pchilik yaxshi ko‘rib eshitadi. Tomoshabinlar ta’limi, tarbiyasi, didini shakllantirishda qiziqchilardan foydalanish kerak”, — deya ta’kidladi u.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova “Yilning eng yaxshi an’anaviy ayol xonandasi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uning qayd etishicha, ayol xonandalarning bu nominatsiyada bo‘lishi juda quvonarli holat.

“Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur mukofotga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganimdan judayam xursandman. Birinchi bo‘lish yaxshi, ammo uning mas’uliyati, shunga yarasha mehnati ham bor. Mukofotni ansamblimiz badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilovning qo‘lidan olish ham boshqacha bir baxt”, — dedi Gulbahor Erqulova.

Xonanda Nilufar Usmonova “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

“Menda hali bunaqasi bo‘lmagan. Qo‘shiq aytish uchun sahnaga chiqishda boshqacha hayajon, bunday sovrinlarni olish uchun chiqqanda esa boshqacha hayajon bo‘lar ekan. Mening nomzodimni qo‘llab-quvvatlab, ovoz bergan va ishongan barcha insonlarga cheksiz rahmat aytaman. Xalqimizga xizmat qilishdan tinmayman. Biz san’atkorlar xalqimiz xizmatiga hamisha tayyormiz. Shu o‘rinda oila a’zolarimga ham minnatdorchilik bildirib qolaman. Ular ham meni to‘g‘ri tushunib, shu yo‘lda doim qo‘llab-quvvatlab keladi”, — dedi Nilufar Usmonova.

“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti g’oliblari ro`yxati:

  • “Yilning eng yaxshi an’anaviy erkak xonandasi” — Xushnud Solijonov;
  • “Yilning eng yaxshi an’anaviy ayol xonandasi” — Gulbahor Erqulova;
  • “Yilning eng yaxshi rang tasvir rassomi” — Zebiniso Sharipova;
  • “Yilning eng yaxshi haykaltaroshi” — Botir Hakimov;
  • “Yilning eng yaxshi kutubxonachisi” — Farhod Jo’rayev;
  • “Yilning eng yaxshi vazirlik teleloyihasi” — “Artist”;
  • “Yilning eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi” — Jamila Shermuhammedova;
  • “Yilning eng yaxshi adibi” (shoir) — Botir Ergashev;
  • “Yilning eng yaxshi bastakor” — Nodir Umarov;
  • “Yilning eng yaxshi raqqosasi” — Dilnoza Ortiqova;
  • “Yilning eng yaxshi sozandasi” — Doniyor Yunusov;
  • “Yilning eng yaxshi badiiy jamoasi” — Sug’diyona O’zbek xalq cholg’ulari komer orkestri;
  • “Yilning eng yaxshi teatr aktryori — Abror Muxiddinov;
  • “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” — Gulasal Rahmanova;
  • “Yilning eng yaxshi sirk artisti” — Veronika Stejka;
  • “Yilning eng yaxshi teatr rejissyori” — Asqar Xolmo’minov;
  • “Yilning eng yaxshi yosh baxshisi” — Uldavlet Sarsenbayeva;
  • “Yilning eng yaxshi opera ijrochisi” — Umid Isroilov;
  • “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” — Nilufar Usmonova;
  • “Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi” — Jaloliddin Ahmadaliyev.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Fotosuratchi: Hayot Hamroyev
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ