Botir Zokirovning vinil plastinkalari turkumi chiqarildi
E’lon qilingan sana: · 144

Tashkent Music Encounters loyihasi doirasida O‘zbekiston estrada san’ati tamaltoshini qo‘ygan Botir Zokirovning vinil plastinkalari turkumi chiqarildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.
250 ta plastinkadan iborat cheklangan miqdordagi to‘plam Semikols Record Pressing va Botir Zokirovlar oilasining mushtarak sa’y-harakatlari bilan olam yuzini ko‘rdi.
Ta’kidlanishicha, taqdim etilgan “Seni izlayman” albomi keng jamoatchilikda mavjud bo‘lmagan Davlat teleradiokompaniyasining noyob studiya tasma yozuvlaridan tashkil topgan. To‘plam namunalarini O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi taraddud ko‘rayotgan bo‘lajak musiqiy anjumanlardan birida tinglash mumkin.