“Hamma ayb odamlardami?” — Urikguli bilan intervyu

E’lon qilingan sana· 7 822
“Hamma ayb odamlardami?” — Urikguli bilan intervyu

Ijtimoiy tarmoqlarda Urikguli nikneymi bilan mashhur boʻlgan Moʻtabar Xushvaqtova hozirda ijtimoiy mavzularda ijod qilayotgan eng faol blogerlardan biri.

Ekologiya mavzusida media olamida shaxsiy brendga ham aylanib ulgurgan.

Biz Moʻtabar bilan ekofaollik va undagi radikalizm, Chirchiq daryosidagi holat, chiqindilarni saralash, Ekologiya vazirligi bilan munosabatlari, milliy havo sifati standartlari nima uchun foyda bermasligi va boshqa bir qancha mavzularda suhbat qurdik. Quyida undan ba‘zi parchalarni keltiramiz. To‘liq suhbatni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.

— Ekologiya boylarni mavzusi, deyishadi. Qorni to‘q odamgina bu mavzu haqida o‘ylay oladi, qorni och odam hech qachon atrof-muhit haqida qayg‘urmaydi, faqat non topishi hayolida bo‘ladi. Lekin shunday bo‘lgani bilan bu mavzu yonimizda yuribdi, shuni va iqtisodiy ahvolimizni hisobga olgan holda qanday qilib odamlarni bu mavzuga targ‘ib qila olamiz?

— Bilasizmi, yaqinda Chirchiq daryosi haqida video qilganimda bir izoh keldi: “har kuni kommunal to‘lovlar, jarimalar, ovqat olish kerak, bolani bog‘chasi, „pampersi“, uyga non olish kerak — Chirchig‘ingga balo bormi?!”, deb yozibdi bittasi. Tushunaman, ro‘zg‘or ishlari qiyin, inflyatsiya kuchaymoqda, topgan pulingizni barakasi yo‘q — qiyin sharoit. Lekin ekologiyaga qaraydigan bo‘lsak, bu mavzuni alohida ko‘rish kerak emas, chunki siz nega pul topyapsiz — yeb-ichishga topyapsiz, oladigan suvingizga, ichadigan suvingizga topyapsiz. Agar o‘shalar bo‘lmasa, sotib olishga pulingiz bor, lekin ularning o‘zi yo‘q. Do‘konga kiryapsiz, peshtaxta non yo‘q, oziq-ovqat yo‘q, faqat o‘sha yuvish vositalari, kiyimlar qoldi, deb hisoblang. Hech narsa yo‘q yeyishga. Uyga kelyapsiz, jo‘mrakni ochyapsiz — suv yo‘q. Nima bo‘ladi?!

Ekologiya oldimizda turgan, yonimizdagi mavzu emas, u hayotdagi bor mavzu. Odam tirik ekan, ekologiya mavzusi bo‘ladi, odam tirik ekan, non yeydi, suv ichadi. Odamlarni ekologiya haqidagi fikri alohida ekani shunchalik noto‘g‘riki, ekologiyani chet eldagi, dunyoni qaysidir burchagidagi zilzila, sunami, deb o‘ylashadi. Ekologiya deganda ekologik falokatlarni tushunishadi. Shuni oqibatida o‘zimizdagilarni ko‘rishmaydi. Lekin ekologiya shunchaki bilim yoki qanaqadir muammolar emas, u insonning hayoti.

— O‘zi bizda chiqindi saralash yaxshi rivojlangan bo‘lsa kerak, menimcha. Chunki qishloqlarda hamma po‘choqni alohida qilishadi, paketlarni keyinchalik foydalanish uchun alohida olib qo‘yishadi…

— Paketlni yoqishadi yoki (kuladi). Lattalarni juda yaxshi ishlatishadi eski kiyimlardan tayyorlab. To‘g‘r, bilasizmi nega bizda ifloslanish, chiqindixona muammosi u darajada yuqori emas? Chunki bizda hamma joy ham megapolis emas, agar, masalan, Qashqadaryo va / yoki Andijon ham megapolis bo‘lganida, chiqindilar ichida suzib yurgan bo‘lardik hozir.

Haligacha qishloqlarda chiqindi saralashning oldingi tizimi saqlanib qolgani uchun u yerlar hozircha toza. Lekin ko‘p narsa yoqib yuborish ham noto‘g‘ri. Menga qishloqlarda yoqadigan narsa shuki, organik chiqindilar hayvonlarga beriladi, qolgan narsani esa yoqishadi, ishlatishadi va kulini alohida bir joyga to‘kishadi. U yer kulxona deyiladi, ya‘ni chiqindixona emas, aynan kulxona. To‘lgandan keyin ko‘miladi u. Menimcha, bu O‘zbekistondagi tabiatga eng kam zarar beradigan tizim.

— O‘zbekistonda milliy havo standartlarini ishlab chiqishmoqchi.

— Ahmoqlik shu. Boshqa davlatlarda ham bo‘lishi mumkin, lekin bizni ishimiz — sabablar bilan kurashish. Balki bu narsani keyinroq qilish kerakdir, hozir standart o‘ylab topadigan vaqt emas. Unisi ham, bunisi ham bir-biridan katta farq qilmaydi. Havo ifloslangani — ko‘rinib turgan fakt. Uni boshqacha o‘lchash standartini o‘ylab topguncha daraxtlarni ko‘paytirish, sun’iy ko‘llarni ko‘paytirish, jamoat transportlarini yaxshilash ustida ishlash, qurilishlarni tartibga solish, tabiiy resurslarga ko‘proq e’tibor berish, milliy qo‘riqxonalarni rivojlantirish kerak. Rohat ko‘li qurib ketdi, nima bu ahvol?! Hamma narsani to‘g‘rilash kerak, undan keyingina standart yasasak bo‘ladi, lekin hozir muammo bir tomonda, fokus boshqa tomondan qolib ketadi.

— Yaqinda havosi bo‘yicha biz bilan doim bellashadigan davlatga borib keldingiz — Hindiston. Odobni odobsizdan o‘rgan, deydiku. Ulardan o‘rganadigan narsalarmiz ham bormi?

— Hindiston — juda katta, tabiiy resurslarga boy davlat. U yerda 7 kun bo‘lgan bo‘lsa, 7 kun davomida quyoshni ko‘rmadim. Men aytdim: “bulut bo‘lib turibdiku, qachon yomg‘ir yog‘adi?”. “Bu bulut emas, ifloslangan havo”, deyishdi. Ularda shunaqa ekan, kuzdan qish tugaguncha shunaqa — quyosh ko‘rinmas ekan, tutun bo‘lib turar ekan osmon. Chunki ekinzordan bo‘shagan maydonlar yoqilar ekan. Chunki yomg‘ir, qor yo‘q — ekindan qolgan qoldiqlar chirib ketolmaydi. Shuning uchun yoqishdan boshqa chora yo‘q, yoqadi va martda yana boshqattan narsa ekadi. Aholi juda ko‘p, bilasiz, ko‘p narsa ekish kerak. Shu uchun ham asosiy hududlari dehqonchilikka moslashgan. Ko‘proq mana shuning oqibatida u yerda havo iflos.

Lekin yam-yashil, qishin-yozin barg to‘kmaydigan daraxtlar bo‘lgani uchun birozgina yaxshi yashashadi. Agar daraxtlar ham bizdagi kabi kuz-qishda barglari to‘kiladigan bo‘lganida, u yerda umuman yashab bo‘lmasdi.

O‘zbekistonda ham xuddi shu muammo bor — dalalar, hazonlar yoqiladi. Shu ham havoga ancha katta zarar beradi. Aslida bu qonunan mumkin emas. Lekin baribir birorta qo‘shnisini yoqayotganini ko‘rsa, hech kim gapirmaydi. Vazirlik chekka hududda narsa yoqilayotganini tekshira olmasligi mumkin, qarolmasligi, vaqtida yetib kelolmasligi mumkin. Lekin o‘sha yerda yashaydigan odamlar borku?!

Ikkinchi tarafdan, Hindistonda juda ham trafik ko‘p. Qurilish ularda ham bor. Lekin bunchalik ko‘p emas, asosiysi — daraxt ko‘p — hamma joyda — yo‘llar o‘rtasida ham, chetlarida ham daraxt. Ular tabiat bilan uyg‘un yashashi mana shu yerda ularga asqatadi.

— Demak, daraxt ko‘paytirish va nimalar qilmaslikni o‘rgansak bo‘ladi ulardan.

Qanday qilib tabiat bilan uyg‘unlashish mumkin? Nega shaharda arilar kamayib ketdi? Radikal ekofaollar bizda ham paydo bo‘ladimi? Urikguli’ning Chirchiq daryosi haqidagi videosidan keyin u bilan qanday voqealar sodir bo‘ldi? Chiqindi saralangani bilan uni bitta mashinada olib ketish bizga nima beradi? Mo‘tabar Xushvaqtova bu mavzuda ilmiy ish ham qiladimi? Shu va shu kabi qiziqarli savollarga quyidagi video orqali javob topishingiz mumkin. Yoqimli tomosha!

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ