Memlar: Qanday qilib kulgili rasmlar hayotning bir qismiga aylandi?

E’lon qilingan sana· 1 162
Memlar: Qanday qilib kulgili rasmlar hayotning bir qismiga aylandi?

Bugungi kunda memlar insoniyat hayotining katta qismiga aylangan. Mem — ma’lum bir hodisani ifoda etuvchi kulgili rasm yoki yozuv sifatida mashhur boʻlgan. Hozirgi kunda esa memlar uchun hech qanday chegara mavjud emas va ular bizning hayotimizga istalgan koʻrinishda kirib kelishi hamda ta’sir oʻtkazishi mumkin.

Ba’zilar hatto memlarga jiddiy ravishda oʻrganib qoladi va suhbatga kulgili rasmlarni aralashtirish yoki mashhur memlar bilan javob qaytarish uchun har qanday imkoniyatni qidiradi.

Afisha.uz ushbu maqolada memlarning tarixi, ular qanday insoniyat hayotining bir qismiga aylangani, bugungi kundagi memlar, uning asosiy qahramonlari haqida soʻzlaydi.

Memlarning kelib chiqishi

Mem oʻz-oʻzidan paydo boʻladigan va rivojlanadigan hodisalardan biridir. Memlar ularni muntazam ravishda ishlatadigan odamlar hayotining muhim qismiga aylanadi, yoki tanish boʻlmaganlarga hech qanday ta’sir qilmaydi.

Mem atamasi birinchi marta 1976-yilda Richard Dokins tomonidan “Xudbin gen” kitobida ishlatilgan. Ammo u hozir biz biladigan memlardan tubdan farq qilgan. Memlar gen sifatida emas hozirgi biz biladigan koʻrinishida mashhur boʻlishida internetning oʻrni katta. Hozirda ular folklorning (xalq ijodining) katta qismiga aylangan.

Gʻarbda ilk memlar kichik videoroliklar koʻrinishida elektron pochta orqali yuborilgan va 1990-yillarda urfga kira boshlagan. Rossiyada ham memlarni ishlatish boshlangan vaqt 1990-yillar oʻrtalariga toʻgʻri keladi. Ammo unda memlar asosan bir-birini taniydigan kam sonli internet foydalanuvchilari tomonidan ishlatilgan.

Oʻzbekistonda memlar ommalasha boshlanganiga koʻp vaqt boʻlmadi. Avvalroq kichik mem-pabliklarida foydalanilgan. 2018−19 yillarda “Uyushmagan yoshlar” sahifasida aktual, ijtimoiy-siyosiy memlarni uchratish mumkin boʻlgan.

Janrning Oʻzbekistonda ommalashishiga sabablardan biri bu — karantin. Aynan shu vaqtda mamlakatda mem madaniyatinig rivojlanishi kuzatilgan. Hozirda esa memlarga qiziqish pik darajaga chiqmoqda. Instagram’dagi tavsiyalarda yuzlab mem joylovchi akkauntlarni uchratish mumkin.

Ularning ba’zilari Amerikada yoki Rossiyada mashhur boʻlgan memlarni oʻzbekchaga oʻgirib joylasa, ba’zilari original san’at asarlarini yaratadi.

Memlar qanday rivojlandi?

Memlarning rivojlanishiga va inson hayotining bir qismiga aylanganiga koʻplab sabablar bor. Ularning eng asosiylaridan biri sifatida esa insoniyat uchun eshitayotgan soʻzlarini koʻz oldiga keltirishdan koʻra, suratlarni tomosha qilish osonroq ekani keltiriladi. Shu sababdan memlar insonlar muloqotiga singib ketmoqda.

Bundan tashqari, memlar bir fikrda boʻlgan odamlarni birlashtirishga, insonlar oʻrtasidagi umumiy tilni topishga yordam beradi. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda millionlab obunachisi boʻlgan mem-sahifalari mavjud.

Ular qatorida adabiyot, san’at, tarix, siyosat, ilm-fan, falsafa, jamiyat va shu kabi koʻplab sohalar uchun alohida, alohida ochilgan sahifalar bor. Koʻplab kuzatuvchilarga ega bunday pabliklar tarixiy voqealar, badiiy asarlar, siyosatchilar, san’atkorlar haqida har xil shaklda memlar yaratadi.

Bu sahifalarda e’lon qilinadigan memlarning izohlarida “11 yil maktabda oʻrganmagan narsalarimni memlar orqali oʻrganyapman”, degan istehzoli fikrlarga duch kelish mumkin.

Memlar bugungi kun trendlarini ham belgilab beradi. Katta-katta kompaniyalarning marketing boʻlimlari doimiy tarzda memlardan foydalanib keladi.

Masalan, 2023-yilning eng shov-shuvli filmlari “Oppenhaymer” va “Barbi"ning reklamalari asosiy qismini memlar tashkil qildi. Shuningdek, dunyoda sodir boʻlayotgan hodisalar boʻyicha X (sobiq Twitter)da bor-yoʻgʻi 2 daqiqadan soʻng ham minglab memlarni uchratish mumkin boʻladi. Aktuallik memlarning rivojiga katta hissa qoʻshganini ta’kidlash zarur.

Memlar yaratish uchun yillar davomida yigʻilgan shablonlar mavjud. Ularda aktyorlar, musiqachilar, siyosatchilar, filmlardan lavhalar va hokazolar mavjud. Yangi memlar esa qachon va qanday yaratilishini bilish qiyin. Koʻp hollarda kutilmagan harakatlar va kulgili iqtiboslar memga aylanadi.

Shuningdek, internetda deyarli har bir gapi memga aylanadigan personajlar ham mavjud. Ular Gʻarbda yoki Rossiyada qancha koʻp boʻlsa, Oʻzbekistonda ham yetarlicha topiladi. “Hammasi nazoratim ostida…”, “Lekin taslim boʻlmaymiz…”, “Buning baland-ku…” kabi jumlalarning muallifi ham shunday personaj hisoblanadi.

Bugungi kundagi memlar

Bugungi kungacha memlar juda koʻp marta evolyutsiyaga uchragan. Hozirda memlarni har xil shaklda oddiy kulgili suratlardan tortib, musiqiy memlargacha uchratish mumkin.

Memlar evolyutsiyasi sababli hammamizga tanish boʻlgan va klassikaga aylangan suratlarni postironiya va metaironiya shaklida ham uchratish mumkin.

Bundan tashqari, hozirda koʻplab sahifalarda mem-taqvimlar yuritiladi. Unda har bir oy davomida sodir boʻlgan va memga aylangan eng qiziqarli voqea tanlab olinadi va shu orqali butun yil taqvimi tuziladi.

Memlar madaniy kodga, hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurgan. Ulardan foydalanish orqali kulishimiz, hayotimizdagi ba’zi hodisalarni eslashimiz, yangi bilimlar olishimiz mumkin. Shuningdek, yangi doʻstlar, maslakdoshlarimizni uchratishimizga ham ushbu kulgili rasmlar sababchi boʻlishi mumkin.

Qoʻlimizda bunday ijobiy ma’nodagi qurol bor ekan, albatta, undan foydalanishimiz va yaqinlarga kayfiyat ulashishimiz kerak.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ