Hafta artisti: Xamdam Sobirov

E’lon qilingan sana· 174
Hafta artisti: Xamdam Sobirov

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Xamdam Sobirov.


Xamdam Sobirov haqida

Xamdam Sobirov 1989-yilning 6-yanvar kuni Navoiy viloyatida tugʻilgan. U yoshligidan xonanda boʻlishni orzu qilgan, ammo oʻsha paytda oilaviy sharoit tufayli bu yoʻldan ketmaganman, deydi. Intervyularning birida shu sabab bilan Xamdam kollejni tugatmasidan Rossiyaga ishlashga ketganini aytadi. Sobirov u yerda koʻpchilik singari qurilishda kam maoshga ishlagan.

Bir yildan soʻng u Oʻzbekistonga qaytib kelgan va kollejni bitirib, institutga oʻqishga kirgan. Mana shu yerdan Xamdam Sobirovning ijodga kirib kelishi boshlanadi. Chunki u aynan institutdagi kursdoshlari bilan birgalikda “Mango” guruhi boʻlib ijod boshlagan.

“Mango”, Xamdam Sobirov va Muhriddin Holiqov

Xonanda ijodini boshlagan vaqtda guruhda boʻlgani barchaga ma’lum. “Mango” Xamdam ijodida alohida oʻrin tutadi. Guruh ishtirokchilari oʻzining noodatiy, masalan, pista haqidagi qoʻshiqlari bilan tanilgan. Bu oʻsha paytdagi oʻzbek shou biznesi uchun yangilik boʻlgandi. Albatta, ular bilan bir vaqtda yana bir super mashhur “boys band” (“Ummon”) bor edi, ammo ikkisida yoʻnalishlar turlicha boʻlgan. “Ummon” asosan “ogʻirroq”, ayriliq haqidagi qoʻshiqlar kuylagan boʻlsa, Xamdam Sobirov, Farrux Raimov va Azizxon Saidumarovlardan iborat boʻlgan “Mango” asosan yengil, shoʻx, kayfiyat ulashuvchi (masalan, “Pista”) va raqsbop qoʻshiqlar kuylagan (xuddi hozir Xamdam oʻzi qilayotganidek).

Guruh bir necha yil faoliyat yuritib, qator xitlar yaratgandan soʻng turli sabablarga koʻra tarqalib ketadi. Dastlab guruhni Farrux Raimov tark etadi, uning oʻrnini boshqa kishi bilan toʻldirishadi, lekin bu unchalik ham oʻxshamaydi. Shundan soʻng barcha ishtirokchilar tark etadi. 2022-yilda guruhni tiklashga harakatlar boʻlgan, ammo bu safar Xamdamsiz.

Xamdam Sobirov intervyuda guruh haqida eslar ekan, u hayotiga hech qanday oʻzgarish olib kelmaganini aytadi.

“Onam “Mango"da chiqqanimni televizorda ko‘rganlar, juda xursand bo‘lganlar. Lekin mening “Mango"da chiqishim hayotimizga hech qanday o‘zgarish olib kelmagan. Iqtisodiy jihatdan oilamiz qiyin vaziyatga tushib qolganda, men olib chiqib ketolmaganman”, — deydi xonanda.

“Mango” Xamdam Sobirovga unchalik mashhurlik ham olib kelmagan, u oʻzining yakkaxon ijodini boshlagandan soʻng, aniqrogʻi yoʻnalishida oʻzgarish qilganidan soʻng super yulduzga aylandi. Masalan, ijodkorning YouTube kanalidagi videolariga qaraydigan boʻlsak, Xamdamning yakkaxon qoʻshiqlari avvalari deyarli xitga aylanmagan (albatta, “Guli”, “Holimga qara” kabi qoʻshiqlar ham bor orada).

Ammo Xamdam Sobirov qaysidir nuqtada musiqa va kliplariga boʻlgan yondashuvni oʻzgartirdi. Bu, nazarimda, 2021-yilda e’lon qilingan “Maktabimda” qoʻshigʻi bilan boshlangan. Mana shu trekdan soʻng Xamdam “xit yaratish formulasi"ni topib olgandek koʻrinadi. Lekin hammasi oddiy: shunchaki Xamdam talabga yarasha taklif berolyapti. Mana shunday “oson”, xususan, matni tez yodlanadigan, “virusli” soʻz va bitlarga ega treklar odamlarga yoqyapti va xonanda ham buni tushunib, mana shu yoʻnalishda qoʻshiqlar chiqaryapti.

“Mango"dalik paytidayoq qishloq mavzusini yoqtirgan, qishloqda kliplar suratga olishga odatlangan Xamdam yakkaxon ijodida ham bu odatni tark qilgani yoʻq. Xonandaning xit qoʻshiqlariga ishlangan kliplar ham aynan qishloq mavzusida. U kliplarida 90-yillar atmosferasini ham xosil qiladi. Masalan, “Daydib” klipida u 80−90-yillardagi SSSR va “koʻcha” hayotini koʻrsatadi. Xamdam Sobirovning kliplaridagi kiyimlar alohida mavzu. Still ham 90-yillardagi trendlarga mos.

Endi yuqoridagi tagsarlavhada aytilgan Muhriddin Holiqov va Xamdamning bogʻliqligi haqida.

Koʻpchilik Xamdam Sobirov Muhriddin Holiqovga taqlid qilishini aytadi. Ha, boʻlishi mumkin, kuylar, still, hatto kliplar ham xuddi unikiga oʻxshash. Masalan, yuqorida aytganimizdek, uning stillini avval koʻpchilik aynan Muhriddin Holiqovda koʻrgan va u bilan assotsatsiya boʻlishi tabiiy.


Xamdam Sobirov konsertidan foto

Xamdamning oʻzi ham unga “namyok"lar qilib turadi. Masalan, Holiqovning “Parizod” qoʻshigʻiga ishlangan klipda uning sozandalari va oʻzi zinada turib kuylaydi. Xamdam Sobirov esa xuddi shu kadrni “Janze” klipida takrorlaydi.


Muhriddin Xoliqovning “Parizod” klipidan skrinshot


Xamdam Sobirovning “Janze” klipidan skrinshot

Toʻgʻri, Xamdamning Sobirovning qoʻshiqlar zoʻr, ma’noli boʻlmasligi mumkin (bema'ni ham emas), lekin u har bir qoʻshigʻini xit qilishga erishayotgan, odamlarga yoqadigan “oson” musiqa qilishni oʻrganib olgan e’tirofga loyiq san’atkor (agar shunday boʻlmaganda u haqda alohida maqolalar yozilmasdi). Demak, bu materialda uning boshqa qoʻshiqlari ham boʻlishi kerak.

Boshqa treklar

“Malohat”

Xamdam Sobirovning hozircha eng oxirgi qoʻshigʻi. Undagi musiqa, bit, kayfiyat oʻsha-oʻsha xit treklaridagidek. Aytgancha, e’tibor bersangiz, bu qoʻshiqda Ozoda Nursaidovaning “Koʻk jiguli“sidagidek melodiyalar bor.

“Janze”

“Qizil koʻylak” (feat Rayhon)

“Esla meni”

“Tentakcham”

“Qishloqqa qayt”

“20-mart”

“Yaxshi koʻrsam nima qipti”

“Holimga qara”

“Qora atirgul” (feat Ziyoda)

Endi yuqoridagi shuncha “virusli” bitlar va soʻzlardan iborat qoʻshiqlarni hayolingizdan chiqarishga harakat qilib koʻringchi?! “Pedro-pedro-pedro” ham yordam berolmasligi mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ