Hafta artisti: Morgenshtern

E’lon qilingan sana· 256
Hafta artisti: Morgenshtern

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — rossiyalik reper Morgenshtern.

Morgenshtern haqida

Koʻpchilik “Morgenshtern"ni taxallus, deb oʻylashi mumkin, ammo unday emas, bu reperning haqiqiy familiyasi. Uning ismi ham bizga juda yaxshi tanish — Alisher. 20 yoshidan mashhurlikka erishishni boshlagan, hozirga kelib Rossiyaning birinchi raqamli shoumeniga aylangan Alisher Morgenshtern 1998-yilning 17-fevralida Rossiyaning Ufa shahrida tugʻilgan.

Morgen yoshligidan musiqa, ayniqsa, rep yoʻnalishiga qiziqqan, oʻsha paytlarda Guf va AK-47 kabi ijodkorlarni eshitganini aytadi. Voyaga yetguncha u “moyka"da mashina yuvgan, koʻchada reklama flayer tarqatgan, yetkazib beruvchi boʻlib ishlagan, 2016-yilda esa ufalik mashhur reper Face bilan ishlagan. Oʻsha paytda u Face’ning “Гоша Рубчинский” va “Megan Fox” kliplarining postprodakshnini qilgan. Morgenshtern dastlab oʻzining “IziRep” loyihasi bilan mashhurlikka erisha boshlagan. U bu loyihadagi videolarda kliplarga parodiyalar qilgan.

Alisher ofisdagi oddiy ishlardan qochish uchun yuziga tatuirovka chizdiradi. Uning birinchi tatusi “666” yozuvli boʻlgan. U oʻsha paytda “ertalabgacha boshqa variant topilmasa, uchta 6 chizdiraman”, deb oʻzimga va’da berganman, deydi.

2017-yilda u oʻzining birinchi “Hate me” deb nomlangan mini albomini chiqaradi va shundan keyin mashhurligi oshishda davom etadi. 2019-yilda esa “Улыбнись, дурак!” albomini chiqargan, unda “4Teen” va “ЛСП” bilan kollaboratsiya qilingan, albom bir qancha vaqt davomida chartlarda topda saqlanib turgan.

Oʻsha yili Morgen yangi mashina sotib oladi va “Новый мерин” qoʻshigʻi va klipini e’lon qiladi. Keyinroq u bu mashinani “give away"ga qoʻyadi va uni buxorolik yigit yutib oladi. Shundan soʻng Alisher oʻsha klip suratga olingan va oʻzi haydab yurgan Mercedes’ni Buxoroga olib kelib beradi.

2020-yilda Morgen Moskvada “KAIF” restoranini ochadi, jurnalist Yuriy Dudga bergan intervyusida aytishicha, u bu restoranga 1 million dollar sarflangan. 2021-yil 25-noyabrda menyuda mavjud bo‘lgan spirtli ichimliklarni sotish uchun litsenziya yo‘qligi sababli muassasa vaqtincha yopilgan, keyin esa Alisher bu biznesni biratoʻla tark etgan.

Mashhur treklar

“Cadillac” (feat Eldjey)

2020-yilda e’lon qilingan ushbu klip Morgenning YouTube sahifasida eng koʻp koʻrilgan video hisoblanadi. Eldjey bilan yaratilgan trek Oʻzbekistonda ham yetarlicha mashhurlikka erishgan. Alisherning intervyuda ta’kidlashicha, bu qoʻshiq qisqa vaqt ichida shunchaki ilhom kelganda yaratilgan, keyin esa aynan mana shu qoʻshiq uchun “Cadillac” avtomobilini sotib olgan.

“El Problema” (feat Timati)

Qoʻshiq rossiyalik musiqiy prodyuser Slava Marlow tomonidan yaratilgan. Qoʻshiqda elektron bass elementlari va Timatining iltimosiga koʻra skripka ishlatilgan, chunki “Black Star"ning sobiq a’zosi musiqa maktabining skripka sinflariga borgan.

“Cristal & МОЁТ”

Alisher 2020-yil yakunlari boʻyicha, ya’ni yil davomida (22 yoshda) qanday yutuqlarga erishgani haqida klip chiqaradi. Video OAVdagi u haqidagi lavhalar bilan boshlanadi. Oʻsha yili u Rossiyada “Yil ayoli” ham boʻlgandi. Klipda Morgenning sobiq sevgilisi Dilara rol ijro etgan.

“Дуло”

Aslida bu trek reklama, lekin shunday boʻlsa ham Alisher buni a’lo darajada bajarib, xit yarata olgan. “War Thunder” kompyuter oʻyiniga ishlangan reklama roligini e’lon qilishdan oldin Morgenni “armiyaga olib ketishgani” haqida xabarlar tarqaladi, bir-ikki kundan keyin esa u “Дуло” qoʻshigʻi bilan “qaytib keladi”.

“Aristocrat”

Morgen yana maqtanish, pul haqida gapirishadi davom etadi. U bu trekida “hatto meni shaxsiy qoʻriqchimning ham qoʻriqchisi bor”, deb maqtanadi.

“Show”

U koʻp marotaba shoumen ekanini tan oladi. Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga bergan intervyusida u uning oʻzi eng yaxshi shoumen ekani, eng yaxshi musiqachi esa Skriptonit ekanini tan oladi. Shubhasiz, u birinchi raqamli shoumen.

“Домой”

2021-yil 23-noyabr kuni Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin reper Morgenstern “asosan ijtimoiy tarmoqlarda giyohvand moddalarni sotayotganini” aytdi. Bundan koʻp oʻtmay, Morgenstern Rossiyani tark etib, Dubayga koʻchib oʻtdi va uning mamlakatda ilgari rejalashtirilgan barcha kontsertlari bekor qilindi. Alisher 2021-yil 10-dekabrda chiqqan Rossiyadan ketishi va Tergov qoʻmitasining tekshiruvi haqida “Домой” trekini e’lon qildi.

“12”

2021−2022-yillarda Morgen ancha “jiddiylashib” qolgandi. Bunga uning oʻzi bilan va Rossiyada boʻlayotgan muammolar sabab edi. Alisher 2022-yilda ukasi 12 ga kirgani munosabati bilan unga atab qoʻshiq chiqaradi, trekda Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida ham gap boradi.

“Чёрный русский”

2023-yil sentyabrida e’lon qilingan klip Oʻzbekistonda suratga olingan. Yaxshilab e’tibor bersangiz, klipdagi ayrim voqealar Toshkent viloyatidagi tashlandiq binoda (sobiq mehmonxona binosi) va Parkentdagi Quyosh institutida sodir boʻladi.

“Я убил Марка” (Oxxxymiron'ga diss)

Morgen kutilmaganda rus rep qiroli Oxxxymironga diss aytadi.

“The story of Alisher” (Oxxxymiron'ning javob dissi)

Oxxxymiron Morgenga javob beradi. Uning javobi oʻzining stillida — diss bilan Alisherni “koʻmib qoʻygan”.

Intervyular

Bloger Yuriy Dud reper bilan salkam 3 soatli intervyu uyushtirgan.

Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon ham u bilan Turkiyada suhbat uyushtirgan.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ