Hafta artisti: Viktor Soy ("Kino")

E’lon qilingan sana· 401
Hafta artisti: Viktor Soy ("Kino")

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — “Kino” guruhi solisti Viktor Soy.

Viktor Soy va uning rok olamiga kirib kelishi

Viktor Robertovich Soy 1962-yil 21-iyun kuni Leningrad (hozirda Sankt-Peterburg) shahrida tugʻilgan. U oilada yagona farzand boʻlgan va bolaligini toʻliq oʻz ona shahrida oʻtkazgan.

Viktor 1974−1977 yillarda oʻrta san’at maktabida oʻqiydi. Bu vaqtda Maksim Pashkov boshchiligidagi “Palata №6” guruhi paydo boʻladi. Shu bilan birga, Soy oʻzining birinchi “Вася любит диско” va “Идиот” deb nomlangan qoʻshiqlarini yozadi (bu hech qachon hech qayerda ijro etilmaydi, ammo keyinchalik bu qoʻshiq “Бездельник 2: с лицом нахала” qoʻshigʻiga aylanadi). “Palata №6” guruhining bugungi kungacha saqlanib qolgan yagona albomi “Слонолуние” hisoblanadi.

1970-yillarning oxirida Viktor Soy Maksim Pashkovning doʻstlaridan birining tashabbusi bilan Andrey Panov bilan uchrashadi va uning uyida keyinroq gitarist Aleksey Ribin bilan ham uchrashdi. Oʻsha paytda Ribin “Pilgrims” hard-rok guruhi bilan birga edi, Viktor esa hali ham “Palata №6” guruhida bas gitara chalardi. Guruh besh yil davomida faoliyat olib borgan.

Viktor Soy va Aleksey Ribin Andrey Panovning pank-rok guruhi tarkibida 1981-yilda Moskvaga yoʻl oladi va kichik konsertlarda qatnashadi. Viktor Soy va Aleksey Ribin oʻrtasidagi hamkorlik davom etadi, keyin esa barabanchi Oleg Valinskiy ularning kampaniyasiga qoʻshiladi. Uchalasi ham 1981-yilning yozida Qrimga ta’tilga chiqishga qaror qiladi.

Ular dengiz qirgʻogʻida qoʻshiq kuylab, oʻzlarining “Гарин и гиперболоиды” deb nomlangan guruhini yaratishga qaror qiladi. 1982-yil 30-yanvarda guruh Leningrad rok-klubi a’zosi sifatida qabul qilingan.

“Kino"ning tashkil etilishi va mashhurlik

Ular 1982-yilda guruh nomini “Kino"ga oʻzgartirishga qaror qiladi. Bunday nom tanlanishining sababi soʻzning ixchamligi va talaffuz qilishga osonligi edi. Viktor Soy va Aleksey Ribin “Akvarium” guruhi bilan birgalikda oʻzining debyut albomini tayyorlashni boshlaydi. Viktor repertuarni tanlardi, Aleksey esa musiqachilarni qidirib, konsertlar uyushtirardi. “Kino” guruhining ilk tarkibi quyidagicha edi:

  • Viktor Soy — vokal;
  • Aleksey Ribin — gitara;
  • Valeriy Kirillov — barabanlar;
  • Yuriy Kasparian — gitara;
  • Maksim Kolosov — bas gitara.

Keyinchalik Soy va Ribin ijodiy tushunmovchilik va ambitsiyalar tufayli birga ijod qilmadi. Bir muncha vaqt oʻtgach, Titov oʻrniga Igor Tixomirov keldi va Georgiy Guryanov barabanchiga aylandi. Kasparian tezda guruhning ikkinchi eng muhim a’zosiga aylandi. “Kino” guruhi tarkibi boshqa oʻzgarmadi.

“Kino” guruhining ilk elektro-kontserti rok-klub festivalida boʻlib oʻtdi. 1983-yil qishda Leningrad va Moskvada kvartira konsertlari boshlandi.

Guruhning ijodiy choʻqqisi Sovet Ittifoqi davriga toʻgʻri keladi. Agar albomlar xronologik tartibda tinglansa, qahramonning ma’lum bir evolyutsiyasini kuzatish mumkin. Soyning ijodini shartli ravishda ikki davrga boʻlish mumkin.

Birinchisi 1981−1986 yillarda sodir boʻladi. Soy qalbiga ozor yetgan, romantik maksimalist sifatida namoyon boʻladi. 1982-yilda chiqarilgan “45” nomli debyut albom darhol tinglovchilarning e’tiborini qozonadi. U prodyuser va rok musiqachi Andrey Tropillo boshchiligida yaratilgan edi. Albom musiqiy tanqidchilarning yuqori baholariga sazovor boʻlmadi, ammo bu guruhning mashhurlashishiga va qoʻshiqlarning ommalashishiga ta’sir koʻrsatmadi.

1984-yildan 1986-yilgacha yana uchta turli xil albomlar chiqdi. Bular, “Начальник Камчатки”, “Это не любовь” va “Ночь”. Soʻnggi albom 2 million tirajda sotildi va “Kino"ning mashhurligini oshirdi.

Ikkinchi davr esa 1987-yilda boshlanadi va 1990-yilning fojiali yozida tugaydi. Bu vaqtda guruh tomonidan kultga aylangan “Группа крови”, “Звезда по имени Солнце” va Soyning vafotidan keyingi “Чёрный альбом” albomlari e’lon qilinadi. U yakun yaqinlashayotganini sezadi. Muallif oʻz qoʻshiqlarida koʻpincha bitta soʻzni ishlatishni boshlaydi. Bu — “urush”, lekin shu bilan birga ichki erkinlikka intiladi.

1986-yildan 1988-yilgacha boʻlgan vaqtda Soy mashhur “Игла” va “Асса” filmlarida rol oʻynaydi. “Асса” filmining soʻnggi sahnasida Viktor “Хочу перемень!” qoʻshigʻini ijro etadi, bu kino tomoshabinlarini hayratda qoldiradi.

Soyning oʻlimi

Viktor Soy 1990-yil 15-avgustda Latviyaning Tukums shahrida sodir boʻlgan avtohalokat oqibatida halok boʻladi. Viktor nima uchun vafot etgani haqida bir nechta taxminlar mavjud. Rasmiy versiyaga ko‘ra, qo‘shiqchi oʻz mashinasida uxlab qolgan va qarama-qarshi yoʻldagi avtobus bilan to‘qnashib ketgan. Avtobus haydovchisi tirik qolgan, ammo Soy voqea joyida halok boʻlgan.

Viktor vafotidan soʻng “Kino” muxlislari orasida “Цой жив” (Soy tirik) jumlasi mashhurlashadi. Versiyalarga koʻra, kimdir devorlardan biriga “Bugun Viktor Soy vafot etdi”, deb yozgan, ammo keyinroq katta harflarda “Цой жив” (Soy tirik) yozuvi paydo boʻlgan.

Qoʻshiqlar

“Хочу перемен!”

“Малыш”

Urushga qarshi kuylangan “Кукушка” qoʻshigʻi

“Мама — анархия”

“Группа крови”

“Пачка сигарет”

“Невесёлая песня”

“Видели ночь”

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ