Oʻzbekistonda suratga olingan mashhur xorijiy kliplar

E’lon qilingan sana· 1 333
Oʻzbekistonda suratga olingan mashhur xorijiy kliplar

Oʻzbekistonlik qoʻshiqchilar chet elda klip suratga olib kelishi oddiy holatga aylandi. Shu jumladan xorijlik mashhur san’atkorlar ham Oʻzbekistonda oʻz musiqiy kliplarini suratga olishgan va ular millionlab koʻrilgan. Oʻzbekistonda suratga olingan kliplarning asosiy qismi lokatsiyalar kesimida asosan tarixiy obidalar bor joylar, masalan, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarga toʻgʻri keladi.

Mamlakatda klip suratga tushirgan san’atkorlar ichida dunyoga mashhur “Rammstein” guruhi solisti Till Lindemann, rossiyalik yoshlar orasida mashhur qoʻshiqchilar Jony va Morgenshtern kabi yulduzlar ham bor. Afisha.uz chet ellik qoʻshiqchilarning Oʻzbekistonda suratga olingan musiqiy kliplarini bir joyga toʻpladi.


ZAZ — “Le jardin des larmes” feat. Till Lindemann

ZAZ taxallusi bilan ijod qiluvchi fransiyalik taniqli qoʻshiqchi Izabel Jeffrua mashhur nemis guruhi “Rammstein” vokalisti Till Lindemann bilan duet kuylagan va uning klipini Oʻzbekistonda suratga olgan. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsak, jarayon asosan Buxoro amirining yozgi qarorgohi boʻlgan “Sitorai Moxi Xosa"da boʻlib oʻtadi. Qolgan qismi esa choʻlda.

Till Lindemann — “NSL”

“Rammstein” guruhi vokalistining oʻzi ham 2021-yilda Oʻzbekistonda klip suratga tushirgan. Salkam 19 daqiqali klipning bir qismi Buxoro Arkida tasvirga olingan.


Klipdan skrinshot

Klipga moldovalik Sergey Grey rejissyorlik qilgan. Ijodiy guruh roʻyxatida oʻzbekistonliklarni ham uchratish mumkin, masalan, Ulugʻbek Bahriyev ismli yigit dron mutaxassisi sifatida ishlagan.

Diqqat: quyidagi video 18 yoshdan kattalar uchun moʻljallangani uchun bu yerda ochilmaydi.

MakSim — “Весна”

Rossiyalik mashhur qoʻshiqchi МакSим “Весна” trekiga klipini Toshkentda suratga oladi. Quyidagi suratda xonandaning sobiq “Telman”, hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi “Central Park” sahnasida turgani koʻrsatilgan.


Klipdan skrinshot

Mazkur qoʻshiq Oʻzbekistonda “Знаешь ли ты” treki kabi mashhur boʻlmagan. Ammo 2010-yilda chiqarilgan klip Toshkentda olingani bilan oʻzbekistonliklar uchun alohida oʻrin tutadi.

Morgenshtern — “Черный русский”

Rossiyalik reper Morgenshtern 2023-yil sentyabrida “Черный русский” qo‘shig‘i uchun olingan klipni taqdim etgan. Suratga olish ishlari sobiq “Chirchikstroy” mehmonxonasi, “Fizika-Quyosh” instituti hududida va Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida bo‘lib o‘tgan.


Klipdan skrinshot

Videoni yaratishda titrlarda ko‘rsatib o‘tilgan Bekzod Abduvaliyev boshchiligidagi Abstract Visuals videostudiyasi ishtirok etgan. Ijodiy guruhda koʻplab oʻzbekcha ismlarni uchratish mumkin.

Tatarka — AU

“Little Big Production” ijrochisi Tatarka oʻzining AU nomli qoʻshigʻi uchun klipni Oʻzbekistonning biratoʻla toʻrtta turli nuqtalarida suratga olgan: Toshkent, Toshkent viloyati, Buxoro va Xorazm. Videoda faqat Oʻzbekistondan kadrlar ishlatilgan. Unda mahalliy aholi ham ishtirok etgan.


Klipdan skrinshot


Klipdan skrinshot

Videoda, xususan, Chorsu bozori, Quyosh instituti, Ichan qal’a majmuasi, Buxoroning tor koʻchalari va boshqa e’tiborga molik joylarni uchratish mumkin.

Nyusha — “Вою на луну”

Nyushaning bu klipini jamlanmadagi boshqalaridan ajratib turadigan jihati shundaki, unga oʻzbekistonlik Bahodir Yoʻldoshev rejissyorlik qilgan. Shuningdek, mazkur klip Nyushaning faoliyatidagi birinchisi boʻlgan va u buni Qizilqum choʻllarida suratga olishga qaror qilgan.

“Birinchi klipimni esda qolarli qilishni xohlaganman. Shu sababli „Вою на луну“ klipini suratga olish ishlarini choʻlda olib borishga qaror qilganmiz. Biz uchun eng yaxshi va qulay variant Oʻzbekistondagi tuzli Qizilqum choʻli boʻlgan”, - deydi Nyusha oʻz Instagram sahifasida.

Doni — “Джин”

Rossiyaning “Black Star” prodakshnida bir nechta xonanda ijod qilgan. Ular oʻz vaqtida Oʻzbekistonda ham yetarlicha mashhurlikka erishishgan. Jamoaning ba’zi a’zolari hatto Oʻzbekistondan boʻlgan, masalan, Doni. U oʻzining “Джин” qoʻshigʻiga klipni Buxoroda tasvirga olgan.

Mitya Fomin — “Удивительная”

Yana bir rossiyalik ijodkor Mitya Fomin musiqiy klipini Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlarida suratga olgan. “Удивительная” videoklipini oʻzbekistonlik Alisher ismli rejissyor suratga olib, qoʻshiqchining kiyinish uslubiga koʻmaklashgan.

Bonus: Maksim Fadeyev (HARZA) & Yulduz Usmonova — “Скажи мне имя”

Yulduz Usmonova avvalroq “Da Kujo Shumo” nomi bilan Malik bilan birga e’lon qilingan qo‘shig‘ini o‘zgartirib va moslashtirib, Fadeyev bilan kuyladi. Musiqa va matn yaratilishi Fadeyevning o‘zi ishtirok etgan. Klip Samarqanddagi Registon maydoni, poytaxtdagi Tashkent City bog‘i va Amir Temur xiyobonlarida suratga olingan. Unda mahalliy aholi va turistlar ishtirok etgan — ularning barchasi yuqori kayfiyatda raqsga tushmoqda.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ