"Bu Qala" – oʻzbekcha rok, underground, shou-biznes va Samarqand oshi haqida. Katta intervyu

Rok muxlislari-yu, shu yoʻnalishda ijod qiluvchilar Oʻzbekistonda kam uchraydi. Bunday musiqiy guruhlarning koʻpi ommaga tanilmaydi, underground qolib ketadi. Ammo ularning ham oʻz dunyosi, tinglovchilari va mavzulari bor. Hech oʻylaganmisiz rokerlar samarqandcha osh haqida kuylashini? Ha, shunday boʻlgan, ular buni muhabbat tili deb biladi (va ular qayerda nohaq?!). Gap “Bu qala” rok guruhi haqida ketmoqda.
Afisha.uz biroz tanaffusdan so‘ng video intervyularni davom ettiradi. Bu galgi qahramonlarimiz — “Bu Qala” rok guruhi a’zolari. Samarqand oshi bilan muhabbat haqida rok musiqa kuylagan yigitlar bilan biz rokning O‘zbekistondagi holati, rokkerlar, shou-biznes, anderground sahnalar, guruhning “o‘zbek oshxonasiga murojaati”, “Ummon” guruhi va boshqa qiziqarli mavzularda suhbatlashdik. Shuningdek, video davomida guruh a’zolari bilan yaqindan tanishishingiz va ayrim masalalarda fikrlarini bilib olishingiz mumkin.
Ular guruhda toʻrt kishi boʻlib ijod qiladi. Ularning har birida alohida belgilangan vazifalar, ya’ni musiqiy cholgʻudagi pozitsiyalari bor: Azizxon asosiy gitarada, Roma (Roman) — barabanlarda (u intervuda ishtirok etolmadi) va Ehsonbek esa gitara bilan vokalda. Saru taxallusli yigit (Sarvarxo‘ja) guruhga trek so‘zlari, ya’ni she’rlar va post prodakshn bilan yordam beradi.

Bu Qala qanday qilib yigʻilgan?
“2023-yili “Plovistan” degan joy boʻlardi, u yerda bizning kichik xonamiz bor edi. Menda avvaldan musiqa bilan shugʻullanish, qandaydir hab ochish niyati boʻlardi. Oʻsha yerda birinchi boshlagandim. The Smiths, King Cruel kabi mashhur artistlarning musiqasiga oʻxshash oʻzbekcha guruh ochish gʻoyasi bor edi menda. Birinchi meni xayolimga kelgani Ehson boʻlgan. U bilan 2021-yildan beri tanishmiz. Avvaldan nimadir yozmoqchi edik. Keyin uni chaqirib, birinchi qoʻshiq — “Keraging yoʻq"ni bilan boshladik. Keyin yigitlar oʻz yoʻnalishi, mavzusi va vizualini yoʻlga qoʻyib oldi”, — deydi Saru.
Musiqa qanday yaraladi?
Yigitlarning aytishicha, hammasi gʻoyadan boshlanadi. Keyin gʻoya va hissiyotni qanday yetkazib berish haqida bosh qotiriladi. Bunda asosiy ishni Ehson qiladi — u asosiy kompozitor. Qolgan yigitlar esa unga yordam beradi. Ehsonning ta’kidlashicha, hozirgi paytda qoʻshiqning musiqasi ham, matni ham birdek muhim.
“Oʻzbekistonda soʻzlarga ham, musiqasiga ham qarashadi. Lekin oʻzim eshitsam, koʻproq musiqaga e’tibor beraman. Musiqa juda yoqsa, keyin matniga e’tibor berishni boshlayman. Soʻzlari yomon boʻlsa-yu, musiqasi yaxshi boʻlsa ham qandaydir gʻalati boʻlib qoladi”, — deydi Ehson. Azizning qoʻshimcha qilishicha, rokning markazi musiqa boʻlgan.
Saruning aytishicha, “ishtaha ovqat paytida keladi” — nimadir yozayotgan boʻlsa unga ilhom keladi. U Anhor boʻyida yurishni yoqtiradi, shunda koʻproq ilhomlanadi. Ehsonda esa sal boshqacharoq: u uxlashga yotganda ham musiqani oʻylaydi — hali chuqur uyqiga kirmasidan oldin qandaydir hali chiqamagan musiqalar qulogʻida yangraydi, lekin koʻpincha ularni yozib qoʻymagani uchun ular esidan chiqib ketadi. Azizxonda esa internet estetikasi — Pinterest, YouTube tomosha qilish unga ilhom bagʻishlaydi.
“Ma'no qidirsang, kitob oʻqi”
“Bizda shunaqa narsa bor, musiqaning matniga shunaqa qarashadiki, xuddi u kitob. Qandaydir ma’nolar qidirishadi. Bizda musiqa musiqa boʻlmayapti ortiq. Ma’no qidirsang, kitob oʻqi”, — deydi ijodkorga turli boʻlar-boʻlmas talab qoʻyadigan tinglovchi-yul, rasmiylardan toʻyib ketgan Saru.

Rok musiqa qayerda yangrashi kerak?
Biz yosh rokkerlarga savol bilan yuzlandik: Oʻzbekistonda rokning oʻrni qayerda — toʻy, festival, konsertlar yoki internet? Ularning fikricha, rokni kichik sahnalarda oʻynab boʻlmaydi, unga katta-katta festivallar kerak.
“Tajribadan men tushunib yetdimki, rok musiqa katta sahnalar uchun. Toʻyda oʻynasa ham boʻladi, lekin repertuarga qarab. Shunaqa musiqalar borki, uni eshitib joyingizda qimirlamay turolmaysiz. Samarqandga toʻgʻri kelsa kerak”, — deb kuladi Saru.
Uning qoʻshimcha qilishicha, musiqani aynan ma’lum bir joy uchun, masalan, toʻy yoki festival uchun yaratish unchalik ham toʻgʻri ish emas. Har bir musiqa organik ravishda oʻz oʻrnini topadi. Masalan, yigit qiziq bir fakt bilan boʻlishdi: “Bu Qala"ni koʻproq Meksikadan tinglashadi.
Intervyu davomida biz “Bu Qala” yigitlari bilan yana boshqa qiziqarli mavuzlarni, xususan, rokning “shaytoniy hislatlari”, Oʻzbekistondagi eng roklashgan shahar, rokning subyoʻnalishlari, andgraunddan meynstrimga oʻtish yoʻli haqida suhbatlashdik va guruhning hali premyera qilinmagan “Bobo” trekini birinchilardan tingladik. Toʻliq intervyuni YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.