Kapibara, Yenot, Qunduz: internet yulduzlariga aylangan yoqimtoy jonzotlar

E’lon qilingan sana· 98
Kapibara, Yenot, Qunduz: internet yulduzlariga aylangan yoqimtoy jonzotlar

Internet olamida odamlar, joylar va hodisalarning mashhur bo‘lib ketishi yangilik emas. Ammo hayvonlar bu jarayonda alohida fenomen: ular hech qanday urinishlarsiz, tabiiy holatida turib ham ijtimoiy tarmoqlarning yorqin yulduzlariga aylanishi mumkin. Ularning rasm va videolari memlar, giflar va stikerlar uchun shablon bo‘lib xizmat qilishi, har qanday kayfiyatga mos “reaksiya kontenti"ga aylanishi esa ularni yanada ommalashtiradi. Bugungi internet madaniyatida hayvonlar nafaqat kulgi manbai, balki millionlab insonlarning kayfiyatini ko‘taruvchi “dijital terapiya” vazifasini ham bajarib turadi.

Quyida aynan shunday — o‘zining shaxsiy profilida minglab, hatto millionlab kuzatuvchilarga ega bo‘lgan “ijtimoiy tarmoq yulduzlari"dan tortib, butun dunyoga internet orqali mashhur bo‘lgan qiziqarli va yoqimtoy hayvonlar haqida gaplashamiz.

Moo Deng

2024-yil Tailand hayvonot bogʻlaridan birida uchta mitti begemotchalar dunyoga kelgan. Ularning ismlari Moo Deng, Moo Sap, va Moo Daeng. Internetda tarqalgan suratlar orqali Moo Deng o‘ziga xos xarakterli, g‘aroyib jonzot sifatida mashhur bo‘ldi. Moo Dengning mashhurligi shunchalik oshdiki, McDonald’sdan tortib Puma’gacha bo‘lgan brendlar uning atrofida kontent yaratdi, hatto Moo Deng nomli suvenirlar va kiyimlar paydo bo‘ldi. Uning suratlari doimiy memlarga aylandi va butun internet tarmogʻini zabt etdi. Moo Dengning mashhurligi orqali yoʻqolib ketish xavfi ostuda boʻlgan begimot turiga e’tibor qaratishga yordam bermoqda.


Stepan

Ukrainalik bu mashhur mushukni biz doim xotirjam, “chill” holatda, oldida qandaydir ichimlik bilan ko‘rib odatlanganmiz. Stepanning bu ko‘rinishi turli hayotiy vaziyatlarga juda mos tushadi, uning o‘zgarmas yuz ifodasi esa uni millionlab kuzatuvchilarning sevimli “influenseri"ga aylantirgan.

Ayniqsa yangi yil arafasida Stepanning suratlari va videolari internetda keng tarqaladi va chiroqlar, ichimliklar va bayramona kayfiyat bilan uyg‘unlashgan kadrlari haqiqiy trendga aylanadi.

Stepanning shaxsiy merchi boʻlib, hozirgi kunda Instagram’da 1,6 million obunachiga ega.


Kabosu

Internet tarixidagi eng mashhur memlardan biri bo‘lgan Doge memining bosh qahramoni, yaponiyalik shiba inu zotidagi kuchukcha Kabosu edi. Uning egasi Atsuko Sato 2010-yilda Kabosuning divanda o‘tirgan, yon tomonga shubha aralash qarab turgan suratini internetga joylagan. Shu surat qisqa vaqt ichida global memga aylandi. Kabosuning mashhurligi shunchalik oshdiki, Dogecoin kriptovalyutasi ham aynan uning surati asosida yaratilgan. Yillar davomida Kabosu millionlab insonlarning sevimli memi va “good vibes” ramziga aylandi.

Ammo Kabosu 2024-yil 24-mayda vafot etdi, biroq uning merosi Doge memi, Dogecoin va internet hazillari oltin davri ramzi sifatida hozirgacha yashab kelmoqda.


Kapibara

Kapibaralar hozirgi internet madaniyatining alohida fenomeni desak, adashmaymiz. Bu yoqimtoy jonzotlar o‘zining nihoyatda xotirjam va muloyim tabiatiga ko‘ra millionlab insonlarning mehrini qozongan. Ular xavfsiz, aqlli va deyarli barcha hayvonlar bilan til topisha oladigan kamyob fe’l-atvorga ega. Shu sababli kapibara ko‘pincha “yer yuzidagi eng xotirjam jonzot” sifatida tasvirlanadi. Kapibaraning bu tabiiy sokinligi memlarda, TikTok trendlari va qisqa videolarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

So‘nggi paytlarda kapibaralar hatto moda va pop-madaniyat timsoliga aylandi — o‘yinchoqlar, stikerlar, sumkalar, brend kollektsiyalari, hattoki “capybara song” deb ataladigan mashhur trek ham paydo bo‘ldi.


Yenot

“Pedro Pedro” musiqasi fonida raqsga tushayotgan o‘sha mashhur yenotni hamma eslasa kerak. Video shu darajada ommalashdiki, istalgan tushunarsiz vaziyatda qo‘llanadigan universal memga aylandi. Bir necha kun davomida odamlarning miyasida tinmay qayta-qayta yangrab yurgan bu trendni esga tushirish uchun atigi bir marta “pedro pedro pe” deb qo‘yishning o‘zi kifoya edi.


Korgi

Angliyaning marhum qirolichasi Yelizaveta II ning sevimli itlari korgilar haqida eshitmagan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Ammo korgilarning bugungi mashhurligi faqat qirollik saroyidan emas, balki internetdagi turli qiziqarli videolar orqali yanada keng tarqaldi. Bu yoqimtoy itlar nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki juda aqlli, o‘yinqaroq va do‘stona fe’l-atvori bilan ham millionlab insonlarning sevimli uy hayvoniga aylangan.

Korgilarning ikki asosiy turi bor: Pembrok va Kardigan. Ikkisi ham biroz boʻlgan tashqi farqlariga qaramay, o‘xshash xarakterga ega ziyrak, sodiq va nihoyatda o‘rganuvchan. Ularning kalta oyoqlari, jilmayib turgan yuzlari va biroz kelishmagan ammo shiringina yugurishi internet memlari va videolarining ajralmas qismiga aylangan.


Manchkin

  • false
  • false

Aslida mushuklarning o‘zi tirik memga oʻxshaydi. Ularning harakati, birdaniga jiddiylashib qolgan qarashi yoki hech narsaga aloqasi bo‘lmagan joyda mo‘ralab turishi odamni beixtiyor kuldiradi. Manchkin turidagi mushukchalar esa bu darajani mutlaqo yangi pog‘onaga olib chiqadi. Katta dumlari va juda kalta oyoqlari bilan ular xuddi kichkina pingvin yoki o‘yinchoq ayiqchadek yuradi. Har doim biroz shoshayotgandek ko‘rinsa-da, aslida umuman shoshilmaydigan bu mushuklar insonni o‘ziga rom etadi. Shu qadar yoqimtoyki, kayfiyatingiz bir zumda ko‘tariladi yoki asabiylashib turgan bo‘lsangiz ham darrov tinchlantirib yuboradi. Hatto tunda uxlash oʻrniga mushuklarning kulgili videolarini koʻrib oʻtirish haqida ham hazillar mavjud.


Qunduz

Qunduzlar internetni zabt etgan eng mehribon va o‘ynoqi suv jonzotlaridan biri. Ular tabiatda juda ijtimoiy bo‘ladi: ular oilaviy guruhlarda yashaydi, bir-biri bilan ko‘p muloqot qiladi va o‘yin orqali aloqa o‘rnatadi. Qunduzlarning eng mashhur va hamma yoqtiradigan odatlaridan biri — qo‘l ushlashib suzishidir. Bu juda yoqimli ko‘rinadi, ammo buning ajoyib ilmiy izohi mavjud. Qunduzlar ko‘pincha suv yuzida yotib, oqim bilan birga suzib ketishadi. Oqim esa ularni bir-biridan ajratib yuborishi mumkin. Shu sababli ular o‘z do‘stlari yoki juftlari bilan qo‘l ushlashib, oqimda ajralib ketmaslikka harakat qiladi. Bu odat ingliz tilida “rafting” deb ataladi.

Qunduzlarning yana bir yoqimli jihati — ularning o‘yin o‘ynashni yoqtirishi. Ular toshchalar bilan mazza qilib o‘ynashadi, ammo ehtiyot bo‘ling: agar qo‘liga telefoningiz tushib qolsa, uni ham tosh deb o‘ylab, qattiq jismga urib sindirib qo‘yishlari mumkin.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling