Eski Toshkent tabakasi: "Ugolok" kafesiga nazar

Yaqin yillar ichida Toshkent shahrida koʻplab yangi kafe va restoranlar ochildi va ochilishda davom etmoqda. Lekin shahar aholisining koʻngli nostalgiya tusasa, albatta, poytaxt markazida joylashgan va 1964-yildan beri ishlab kelayotgan “Ugolok” kafesiga tabaka yeyish uchun yoʻl oladi.
Afisha.uz muharrirlari ham katta avlod orasida mashhur boʻlgan taomni tatib koʻrish maqsadida “Ugolok” kafesiga bordi va ushbu joy haqida batafsil ma’lumotlarni beradi.

Sobiq Sovet ittifoqi davrida “Ugolok” kafesi gurmanlar orasida juda mashhur boʻlgan. Bu yerga universitet talabalari, juft-juft boʻlib sayr qilib yurgan yoshlar, bo‘lajak kelin-kuyovlar, sevishganlar, mahalliy aholi chet ellik mehmonlar bilan tashrif buyurgan. Kafe oldidan oʻtar ekanmiz odamlardan “Bolaligim hidi kelyapti”, degan soʻzlarini ham eshitdik.
Talabalarning bu yerdan ovqatlanishi an’anasi haligacha mavjud. Kafega kirar ekansiz nafaqat nostalgiya ilinjida kelgan katta yoshli odamlar, balki klassik uslubda kiyingan yoshlarni ham koʻrish mumkin.

Kafe Amir Temur xiyoboni yaqinida, Temuriylar tarixi muzeyi yonida, Sayilgoh koʻchasi 35/1 manzilida joylashgan. Binoning birinchi qavatida bufet tipidagi kafe, ikkinchi qavatda esa restoran joylashgan. Biz birinchi qavatga kirishga qaror qildik.
“Ugolok"da siz oʻz-oʻzingizga xizmat qilishingiz ham mumkin, shuningdek, ofitsiantlar xizmat qilishi mumkin. Ikkinchi holatda ovqat narxiga xizmat haqi ham qoʻshiladi. Buyurtma berish uchun borganimizda, tushlik vaqti boʻlishiga qaramay odamlar koʻp emasligining guvohi boʻldik. Bunga asosiy sabablardan biri xodimlarning tez xizmat koʻrsatishidir.

Kafeda faqat tovuq pishiriladi. Bir porsiya taom narxi — 35 000 soʻm. Shuningdek, tabaka yoniga non, pomidori soki va salat taklif etiladi. “Ugolok"da ovqatlanish bir kishi uchun oʻrtacha 50 000 soʻmni tashkil qiladi.

Shuningdek, bir kilogram tabaka buyurtma berish ham mumkin. Uning narxi — 140 000 soʻm. Bu yerda turli xildagi shirinliklardan ham tatib koʻrish mumkin. Ularning narxi 23 000 soʻmdan 25 000 soʻmgacha. Bundan tashqari, kafeda hojatxonaning pulli ekanini ta’kidlash lozim, uning narxi — 2000 soʻm.

Endi taomning oʻziga kelsak, tovuq goʻshtining haqiqiy muxlisi sifatida bu yerdagi tabaka “vauv” deydigan darajada emasligini aytish mumkin. Go‘shti yumshoq, lekin biroz quruqlik ham seziladi. Pomidor sharbatining oʻtkir ta’mi esa tovuq goʻshti ta’mi bilan qoʻshilib, yaxshi kollaboratsiya hosil qiladi. Porsiyaning hajmi koʻp ham, kam ham emas, balki narxiga mos deyish mumkin. Umuman olganda, tashrif buyurish va tatib koʻrishga arziydi.

Kafening ish vaqti kunduzi soat 11:00 dan kechki soat 22:00 gacha. Shuningdek, yetkazib berish xizmati ham mavjud boʻlib, uning ishlash vaqti 12:00 dan boshlanadi.
Ushbu raqam orqali buyurtma berish mumkin: (+998) 71−233−3680.