Toshkentdagi 5 ta chuchvaraxona

E’lon qilingan sana· 179
Toshkentdagi 5 ta chuchvaraxona

Toshkent gastronomik xaritasida chuchvara shunchaki taom emas, balki xotiralar, an’analar va uy ta’mini o‘zida mujassam etgan alohida hodisa. Bugungi kunda poytaxtda klassik retseptlarga sodiq qolgan maskandan tortib, kreativ yondashuv bilan ajralib turadigan yangi loyihalargacha — chuchvara atrofida shakllangan rang-barang gastronomik manzara mavjud.

Ushbu jamlanmada Toshkentdagi eng e’tiborga molik chuchvaraxonalarni bir joyga to‘pladik.


Koʻk chuchvara

Yaqinda ish boshlagan ushbu chuchvaraxona mijozlarga an’anaviy chuchvaralardan tortib, yangicha va maxsus turlarigacha keng tanlovni taklif etadi. Menyudan mavsumiy taomlar ham o‘rin olgan — ayni paytda bu yerda ko‘k chuchvara, baqlajonli salatlar va hasib kabi taomlarni tatib ko‘rish mumkin. Ramen ixlosmandlari uchun esa ramyonli chuchvara ham mavjud.

Kafe interyeri shinam va ixcham. Ob-havo isib borayotganini inobatga olib, tashqarida ham alohida o‘tirish joylari tashkil etilgan.

Menyu.
Telefon: (+998) 95−140−4330.
Manzil: Bunyodkor shoh koʻchasi, 6A


Testo by Zamira

Testo by Zamira Toshkentdagi zamonaviy va o‘ziga xos konsepsiyaga ega maskanlardan biri bo‘lib, unda an’anaviy taomlar yangi uslubda talqin qilinadi. Tamaddixona menyusi turli xil xamirli taomlarga urg‘u berilganligi bilan ajralib turadi: chuchvara, manti, lag‘mon va boshqa milliy taomlar zamonaviy taqdimotda taklif etiladi. Shu bilan birga, mualliflik retseptlari asosida tayyorlangan noodatiy kombinatsiyalar ham mavjud bo‘lib, ular mehmonlarga yangi ta’m tajribasini taqdim etadi.

Menyu.
Telefonlar: (+998) 90−026−1330, (+998) 90−933−1010, (+998) 90−009−3113.
Manzillar: Shota Rustaveli ko‘ch., 18, Sodiq Asimov ko‘ch., 54, Fidokor koʻchasi, 25


The Chuchvara

Milliy ruhda bezatilgan, o‘ziga xos muhitga ega chuchvaraxonalardan biri. Bu yerda asosiy e’tibor turli xil chuchvara turlariga qaratilgan bo‘lib, mehmonlarga maxsus retseptlar asosida tayyorlangan taomlar taklif etiladi. Menyudan achchiq chuchvara, sirli chuchvara va, albatta, ko‘k chuchvarani tatib ko‘rish mumkin. Shuningdek, bu yerda boshqa milliy taomlar ham keng tanlovda taqdim etilgan boʻlib, manti, qurutob, somsa va hasip kabi taomlar ham bor.

Menyu.
Telefon: (+998) 70−055−7434, (+998) 50−003−6184.
Manzil: Samarqand Darvoza koʻchasi


Chuchvaraxona

Yarim asrdan oshiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelayotgan ushbu chuchvaraxona ko‘p yillik an’analariga sodiq qolgan holda xizmat ko‘rsatadi. Tashrif buyuruvchilarning aksariyati bu yerga nafaqat ovqatlanish, balki eski davrlarni yodga olish va o‘ziga xos nostalgik kayfiyatni his etish uchun kelishlarini ta’kidlashadi. Bu yerda chuchvaradan tashqari manti va moshxo‘rda kabi milliy taomlar ham tayyorlanadi.

Telefon: (+998) 94−644−7020.
Manzil: Yakub Kolas koʻchasi, 2


Qozirobod chuchvaraxonasi

Qozirobod chuchvaraxonasi oilaviy ovqatlanish uchun mo‘ljallangan restoranlardan biri. Bu yerda mehmonlar o‘zbek oshxonasining turli xil taomlarini, jumladan chuchvara va uning bir necha turlarini tatib ko‘rishlari mumkin. Menyudan chuchvara bilan bir qatorda beshbarmoq, xonim, shashlik va manti kabi an’anaviy taomlar ham o‘rin olgan.

Menyu.
Telefon: (+998) 97−080−3303.
Manzil: Chilonzor koʻchasi, 77

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling