4 yoshdan 77 yoshgacha: Buxorodagi tungi yugurish musobaqasidan reportaj

E’lon qilingan sana· 5 251
4 yoshdan 77 yoshgacha: Buxorodagi tungi yugurish musobaqasidan reportaj

26-avgust kuni Bukhara night race xalqaro xayriya tungi yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Buxoro shahrida o‘tkazilgan poygada nafaqat O‘zbekiston, balki Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Ispaniya, Rossiya kabi davlatlardan ham havaskor va professional sportchilar ishtirok etdi. 4 yoshdan 77 yoshgacha bo‘lgan minglab qatnashchini bir nuqtaga jamlagan mazkur musobaqadan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Ikkinchi marotaba Buxoroda o‘tkazilgan ushbu musobaqa O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Samarkand Marathon xayriya yugurish musobaqasi turkumiga kiradi. Bu safar ham Minorai kalon, masjid va madrasalar, karvonsaroylar hamda moviy gumbazlarlarning barchasi Buxoroning hamma diqqatga sazovor joylari bo‘ylab maxsus yotqizilgan yugurish yo‘lagining bir qismi bo‘ldi.

Poygada yigirmaga yaqin mamlakatdan 1 600 nafardan ziyod havaskor va professional sportchilar ishtirok etdi. Musobaqalar 10 va 5 kilometrlik ikkita masofa, shuningdek, shimoliy (skandinavcha) yurish hamda 4 yoshdan katta bolalar poygasidan iborat bo‘ldi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi maslahatchisi Elmurod Najimovning aytishicha, joriy yilgi musobaqada 4 yoshdan 77 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar faol qanashdi.

“Mazkur yugurish musobaqasini yo‘lga qo‘yishimizdan asosiy maqsad — aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ`ib qilish hamda xayriyadan tushgan mablag‘larga mamlakatimizning bir qancha hududlarida bolalar sport maydonchalarini qurishdan iborat”, — deydi u.

Alohida qayd etish kerakki, musobaqada o‘ndan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ishtirok etdi.

Bukhara night race mehmonlari va ishtirokchilarini ochiq sahnada shveysariyalik DJ Mehmet Aslan o‘z chiqishlari bilan xushnud etdi.

Natijalarga ko`ra, 10 kilometrlik poygada erkaklar o‘rtasida 37:23 natija bilan Shahruz Halimov, ayollar o‘rtasida 43:59 hisobi bilan Malika Maqsudova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

5 kilometrlik masofada o‘tkazilgan bahslarda erkaklar o‘rtasida Hasan Mirsoatov (16:15), ayollar o‘rtasida Dinara Aminova (21:16) g‘olib bo‘ldi.

Shimoliy yurish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Shavkat Musinov (12:55), ayollar o‘rtasida Lyubov Kirshina (13:46) zafar qozondi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ