Tarixda ilk bor: Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi Olimpiadaga yoʻl oldi

Futbol boʻyicha 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz tarixida ilk bor Olimpiadaga yoʻl oldi. Ular Qatarda oʻtayotgan U-23 Osiyo Kubogi yarim finali doirasida Indoneziya terma jamoasini magʻlub etdi.
Timur Kapadze boshchiligidagi Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo Kubogi yarim final bosqichida indoneziyalik tengdoshlarini 0:2 hisobida magʻlub etdi.
Birinchi boʻlim oʻzbekistonlik futbolchilar ustunligida oʻtdi. Ammo Indoneziya terma jamoasi ham yetarlicha qarshilik koʻrsatishdi. Shu tariqa 1-boʻlimda hisob ochilmadi.
2-boʻlim teng kurashlar bilan boshlandi. Indoneziyaliklar 61-daqiqada hisobni ochishgandi, ammo ofsayd sababli gol bekor qilindi.
Bundan 7 daqiqa oʻtib, Muhammadqodir Hamraliyevning uzatmasidan unumli foydalangan Husayn Norchayev Oʻzbekistonni hisobda oldinga olib chiqdi.
83-daqiqada raqib futbolchisi Jasur Jaloliddinovga nisbatan ishlatgan foli uchun qizil kartochka oldi va maydonni tark etdi. Ushbu jarima zarbasidan toʻgʻridan-toʻgʻri darvozaga toʻp tepildi va darvozabonning qaytargan toʻpini Abduqodir Husanov darvozaga yoʻlladi, ustunga tegib qaytgan toʻpni raqib futbolchisi oʻzining darvozasiga joylab qoʻydi.
Oʻzbekistonlik futbolchilar turnirda oʻtkazgan 5 ta uchrashuvida ham darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi.
Shu tariqa Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi turnir finali va 2024-yil Parijda boʻlib oʻtadigan Olimpiada yoʻllanmasini naqd qildi.
Ikkinchi yarim final uchrashuvi Yaponiya — Iroq oʻrtasida boʻlib oʻtadi va ikkinchi finalchi va Olimpiada yoʻllanmasi egasi hal boʻladi. Final 3-may kuni boʻlib oʻtadi.