O‘zbekiston 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 JCHga mezbonlik qiladi

E’lon qilingan sana· 23
O‘zbekiston 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 JCHga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFAning 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi, deya xabar bermoqda OʻFA.

Ta’kidlanishicha, 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi mundial FIFA tomonidan o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi.

“So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024-yilda yurtimizda o‘tkazilgan FIFA futzal Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur musobaqalar, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarining xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha yetarlicha tajriba va salohiyat to‘plashiga imkoniyat yaratdi”, — deya qayd etdi assotsiatsiya.

Xabarda ta’kidlanishicha, 2027-yilda O‘zbekiston “o‘z mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo e’tiborini qozonishga tayyor”.

FIFA Prezidenti Janni Infantino oʻzining rasmiy sahifasida Oʻzbekiston va Ozarbayjonni FIFA U-20 Jahon chempionati mezbonligi bilan tabrikladi.

“Ushbu ikki futbolsevar mamlakatni Jahon chempionati mezbonligi bilan qutlayman. Oʻzbekiston va Ozarbayjon yirik miqyosdagi turnirlarni oʻtkazish boʻyicha katta tajribaga ega. Xususan, Oʻzbekiston oʻtgan yili oʻtkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etdi”, — dedi Infantino.

Oʻzbekiston futbol assotsatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ushbu voqeaga izoh berib, ushbu JChni eng yuqori saviyada tashkil etishga bor kuch-gʻayratimizni safarbar qilishni va’da qildi.

Hozircha U-20 Jahon chempionati uchun qaysi stadionlar ajratilishi ma’lum emas.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
O‘zbekiston 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 JCHga mezbonlik qiladi — Toshkent Afishasi