Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy jamoasini tark etdi

E’lon qilingan sana· 47
Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy jamoasini tark etdi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Timur Kapadze shtabni tark etdi. Bu haqda OʻFA xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Kapadze faoliyatini bosh murabbiy sifatida klublar miqyosida davom ettirmoqchi.

“Mutaxassisga boshqa taklif tushgani hamda u oʻz murabbiylik faoliyatini bosh murabbiy sifatida davom ettirish niyatida ekanligi bois, OʻFA rahbariyati uning qarorini hurmat bilan qabul qildi”, deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Timur Kapadzega minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatida omad tiladi.

Jurnalist Yahyoxoʻja Ulugʻxoʻjayevning yozishicha, murabbiyga Oʻzbekiston Superligasining 3 jamoasi, shuningdek, xorijdan takliflar bor. Hozircha Kapadze faoliyatini davom ettirishi ma’lum emas.

Eslatib oʻtamiz, Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy terma jamoasi boshqaruviga 2025-yilning 22-yanvarida kelgandi. Oʻshanda sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanes sogʻligidagi muammolar tufayli jamoani tark etgandi. Kapadze boshchiligida terma jamoa JCh-2026 saralash bosqichida 4 ta oʻyin oʻtkazdi va mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

6-oktyabr kuni esa italiyalik murabbiy Fabio Kannavaro mamlakat bosh jamoasiga murabbiy etib tayinlandi. 1 oy davomida Kapadze unga yordamchi boʻlib yurdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling