Kyorling: bolaligimizda xotiramizda qolgan qishki Olimpiada sporti

E’lon qilingan sana· 97
Kyorling: bolaligimizda xotiramizda qolgan qishki Olimpiada sporti

Qishki Olimpiada o‘yinlari boshlanishi bilan tomoshabinlar e’tibori har doim noodatiy va tomoshabop sport turlariga qaratiladi. Ana shunday sportlardan biri bu — kyorling. Muz ustida og‘ir granit toshning sirg‘alib borishi, uning oldida jamoa a’zolarining shiddat bilan muz yuzasini silliqlab choʻtkalashi va millimetr aniqlikda hisoblangan zarbalar kyorlingʻni o‘ziga xos tomoshaga aylantiradi.

Yoshligimizda Olimpiada o‘yinlarida aynan shu sport turi e’tiborimizni tortib kelgan. Musobaqa bizga bir vaqtning o‘zida ham qiziqarli, ham tushunarsiz, hatto biroz kulgili tuyulardi. Bu yilgi oʻyinlarda bu sport turining oʻzi bilan cheklanmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayni paytda davom etayotgan Olimpiada bahslari fonida kyorling maydonidagi musobaqadan oldin maxsus suv sepayotgan xodim ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Olimpiadaning Instagram’dagi rasmiy sahifasida uning videosi 10 million marotaba koʻrilgan va odamlarda kuchli qiziqish uygʻotgan.

U bajaradigan jarayon “pebbling” deb ataladi. Bu muz yuzasiga maxsus idish yordamida mayda suv tomchilari sepish jarayonidir. Tomchilar darhol muzlab, yuzada ko‘zga deyarli bilinmaydigan, mayin g‘adir-budir qatlam hosil qiladi. Aynan shu qatlam kyorling o‘yinining butun taqdirini belgilaydi.

  • false
  • false

Xoʻsh, bu sport turi qayerdan va qachon kelib chiqqan?

Kyorlingning kelib chiqishi XVI asrga borib taqaladi. Tadqiqotchilar rassom Pieter Bruegel asarlarida muz ustida kyorlingga o‘xshash o‘yin tasvirlanganini qayd etishadi. 1540-yilda shotlandiyalik notarius tomonidan yozilgan hujjat esa kyorling haqidagi ilk yozma dalil sifatida tarixga kirgan.

Dastlab sport muzlagan ko‘llar va hovuzlarda o‘ynalgan, keyinchalik Shotlandiyadan boshqa mamlakatlarga ham tarqalgan. 1838-yilda Shotlandiyada ilk rasmiy qoidalar ishlab chiqildi va sport boshqaruvi bilan shug‘ullangan “Grand Caledonian Curling Club” keyinchalik “Royal Caledonian Curling Club” nomini oldi. Kyorling Olimpiada dasturida ilk bor 1924-yilgi qishki Olimpiada oʻyinlari doirasida kiritilgan, 1998-yildan boshlab esa rasmiy medal sport turi sifatida muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

O‘yin uchun maxsus granitdan yasalgan, vazni qariyb 20 kilogramm bo‘lgan tosh ishlatiladi. Har bir sportchi maxsus oyoq kiyim kiyadi: ularning bir poyi muzga mahkam yopishadigan, ikkinchisi esa “slider” bo‘lib, sirpanishga yordam beradi. Shuningdek, cho‘tka bu kyorlingning eng muhim elementlaridan biri hisoblanadi. O‘yinchilar tosh harakatlanayotgan yo‘lni “supurish” orqali muz yuzasini biroz silliqlaydi, natijada tosh uzoqroqqa boradi.

Kyorling jamoaviy sport bo‘lib, erkaklar, ayollar va aralash formatda o‘tkaziladi. An’anaviy jamoa to‘rt nafar o‘yinchidan iborat: ular navbat bilan toshlarni muz maydonining oxiridagi “house” deb ataladigan nishonga yo‘llaydi. Har bir o‘yin 10 ta raunddan iborat.

Raund yakunida markazga eng yaqin joylashgan toshlar ochko olib keladi. Faqat bitta jamoa har bir raundda ochko olishi mumkin. Agar hech bir tosh nishonga tegmasa, “blank end” qayd etiladi. Eng ko‘p ochko to‘plagan jamoa g‘alaba qozonadi, o‘yin esa odatda uch soatgacha davom etadi.

Bu sport turi chetdan qaraganda oson tuyilsa ham aslida strategiya va hisob-kitob talab qilinadigan oʻyin hisoblanadi. Darajasi boʻyicha hatto uni shaxmatga ham qiyoslashadi. Shu sabali, kyorling har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan Qishki Olimpiada paytida millionlab tomoshabinlarni ekran qarshisiga jamlaydi.

Endi siz ham muz ustida sirg‘alayotgan har bir tosh ortida naqadar katta mahorat va strategiya yotganini bilgan holda, bu sportni yanada boshqacha nigoh bilan tomosha qilishingiz mumkin.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Kyorling: bolaligimizda xotiramizda qolgan qishki Olimpiada sporti — Toshkent Afishasi