O‘zbekiston ot ustida kamondan otish sportining yangi rivojlanish bosqichiga chiqmoqda

Vengriyada bo‘lib o‘tgan xalqaro Bosh assambleya doirasida International Horseback Archery Alliance va Uzbekistan Horseback Archery Federation o‘rtasida muhim hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, O‘zbekistonda ot ustida kamondan otish sportini rivojlantirish, ommalashtirish hamda uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Memorandumni Xalqaro ot ustida kamondan otish alyansi prezidenti Alan Le Gall va O‘zbekiston Ot ustida kamondan otish federatsiyasi prezidenti Bahromjon Gaziev imzoladi.

Ushbu kelishuvning imzolanishi O‘zbekistonning ushbu tarixiy sport turi bo‘yicha jahon maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Hamkorlik doirasida sportchilarni tayyorlash bo‘yicha milliy tizimni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish, hakamlik va murabbiylik faoliyatiga zamonaviy standartlarni joriy etish, shuningdek, yoshlar orasida ot ustida kamondan otish sportini keng targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ot ustida kamondan otish san’ati bilan bog‘liq boy tarixiy merosga ega. Bugungi kunda mamlakat ushbu an’analarni nafaqat saqlab qolish, balki ularni yangi xalqaro darajaga olib chiqishga intilmoqda.
Imzolangan memorandum O‘zbekistonda ot ustida kamondan otish sportini rivojlantirishda yangi sahifani ochib, faol xalqaro hamkorlik, tajriba almashish hamda jahon darajasidagi sportchilarni tayyorlash uchun mustahkam asos yaratadi.
Reklama huquqlari asosida.